O‘zbekistonning guruhda qolib ketish ehtimoli yuqori – MTJ sobiq ustozi
Sport
−
04 iyun 10306 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatining guruh bosqichida qolib ketish ehtimoli yuqori, ammo bitta o‘yinda kuchli natija qayd etishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston terma jamoalari sobiq murabbiyi Valeriy Nepomnyashiy RIA Novostiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“O‘zbekiston terma jamoasining imkoniyatlari katta deb o‘ylamayman, ammo ular kutilmagan natija qayd etishi va kuchli raqiblarga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Guruhdan chiqishiga shubham bor”, deydi Nepomnyashiy.
Uning aytishicha, Portugaliya va Kolumbiya keyingi bosqichga chiqish uchun asosiy nomzodlar hisoblanadi.
“O‘zbekiston uchun Jahon chempionatiga chiqishning o‘zi katta yutuq. Albatta, kutilmagan natijalar bo‘lishi mumkin, ammo mening fikrimcha, ular guruhda uchinchi o‘rinni egallashlari ehtimoli bor”, deya qo‘shimcha qilgan mutaxassis.
O‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 18 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi Jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan tongi soat 07:00 da Meksikadagi “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, terma jamoa 23 iyun kuni Portugaliya bilan, 27 iyun kuni esa Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, Valeriy Nepomnyashiy 2006 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgan. Uning qo‘l ostida terma jamoa 6 ta o‘yin o‘tkazib 3 ta g‘alaba 2 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan.