O‘zbekistonning raqibi mundialdan chetlatilishi mumkin
Sport
−
09:56 8130 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasi milliy terma jamoasi Ebola epidemiyasi sababli belgilangan 21 kunlik karantinni to‘liq o‘tamasa, AQSHga kirishi taqiqlanishi mumkin. Bu haqda ESPN xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, AQSH rasmiylari FIFA, Kongo Demokratik Respublikasi futbol federatsiyasi va mamlakat mutasaddilarini jamoa Belgiyada izolyatsiya tartibiga qat’iy rioya qilishi shartligi haqida ogohlantirgan. Terma jamoa hozirda mashg‘ulot olib bormoqda va ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni rejalashtirgan.
“Biz Kongo Demokratik Respublikasi jamoasiga 11 iyun kuni Xyustonga yo‘l olishidan oldin 21 kun davomida karantinda qolishi shartligini juda aniq tushuntirdik. Shuningdek, mamlakat rasmiylariga ham ushbu tartibga rioya qilish zarurligini aytdik. Aks holda, futbolchilar AQSHga kirolmasligi mumkin. Bu borada bundan ham aniqroq gapirish qiyin”, dedi Oq uyning Jahon chempionati bo‘yicha maxsus guruhi rahbari Endryu Juliani.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) avvalroq Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandadagi Ebola epidemiyasini boshqa mamlakatlar uchun ham xavf tug‘dirayotgan favqulodda sanitar holat deb e’lon qilgan edi. Tashkilotning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda virus bilan bog‘liq 750 dan ortiq holat aniqlangan, 177 kishi esa vafot etgan.
Ma’lumot uchun, Jahon chempionati joriy yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadi. Kongo DR terma jamoasi guruhda Portugaliya, O‘zbekiston va Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi