O‘zbekistonning Shri-Lankadagi ilk elchisi tayinlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Shri-Lankaga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev (qarorgohi Islomobodda) ushbu mamlakat Davlat protokoli rahbari Rohana Ambagollaga ishonch yorlig‘i nusxalarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi. 

Uchrashuv avvalida Rohana Ambagolla O‘zbekiston rahbariyatiga Shri-Lankada ilk elchisini tayinlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirgan. Uning ta’kidlashicha, mazkur qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim siyosiy qaror bo‘lib, o‘zaro hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Qolaversa, Shri-Lankaning O‘zbekiston bilan yangi formatdagi hamkorlikka ochiqligi tasdiqlangan hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Global Janub bilan yaqinlashish, oziq-ovqat xavfsizligi va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslari yuqori baholangan.

Shri-Lanka rasmiysi Alisher To‘xtayevning Kolombo shahridagi faoliyati barcha yo‘nalishlarda tizimli va samarali ishlash uchun mustahkam asos yaratishiga ishonch bildirgan. 

Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalari, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarning istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashilgan. Ikki tomonlama savdo aylanmasining hozirgi hajmi qoniqarsiz ekani qayd etilib, ushbu ko‘rsatkichni yaqin istiqbolda 50 million dollarga yetkazish uchun aniq choralarni ko‘rishga kelishib olingan.

Eksport va import suratlarini oshirish uchun transport va logistika yechimlarini birgalikda ishlab chiqish, axborot texnologiyalaridan unumli foydalangan holda onlayn platforma va dasturlarni ishlab chiqish hamda yo‘lga qo‘yish masalalari xususida fikr almashilgan.

Ma’lumot uchun, Alisher To‘xtayev Toshkent davlat yuridik institutini (hozirgi Toshkent davlat yuridik universiteti) tugatgach, Tashqi ishlar vazirligi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Prezident administratsiyasida mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, u O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasida ham avval maslahatchi, so‘ngra rais o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. Elchilikka tayinlanishidan oldin u O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi lavozimida ishlagan

Eslatib o‘tamiz, Alisher To‘xtayev O‘zbekistonning Pokistondagi Favqulodda va muxtor elchisi ham xisoblanadi. U 2024 yilning 28 oktyabr kuni Islomobod shahridagi “Ayvan-ye-Sadr” saroyida Prezident Asif Ali Zardoriyga ishonch yorliqlarini topshirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Shri-Lanka Alisher To'xtaev Kolombo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing