Uzoq vaqt o‘tirib ishlash o‘lim xavfini oshiradi – tadqiqot

Salomatlik

image

Ish joyida uzoq vaqt davomida o‘tirish barcha sabablar bo‘yicha o‘lim xavfi va yurak-qon tomir kasalliklarini oshiradi. Bu haqdagi tadqiqot “JAMA Network Open” jurnalida e’lon qilingan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu tadqiqot Tayvanning Taybey Tibbiyot universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan. Tadqiqotchilar ish jarayonida o‘tirish va harakatni almashlab tashkil etish bu xavfni kamaytirishi mumkinligini ta’kidlagan.

Tadqiqotga yurak-qon tomir kasalliklari tarixiga ega bo‘lmagan 481 688 nafar kattalar jalb qilingan. Ishtirokchilar 1996 yildan 2017 yilgacha, ya’ni taxminan 12 yil davomida kuzatilgan. Har bir tadqiqot davomida ishtirokchilar o‘z kasallik tarixi va turmush tarzi bo‘yicha anketani to‘ldirgan hamda biokimyoviy tahlillar uchun biologik namunalar taqdim qilgan.

Natijalar shuni ko‘rsatganki, taxminan 60 foiz kishi ish kuni davomida asosan o‘tirgan, 10 foiz kishi asosan o‘tirmagan va 29 foiz kishi o‘tirish va turishni almashlab ishlagan. 12 yillik kuzatuv davomida jami 26 257 nafar o‘lim qayd etilgan, shulardan taxminan 57 foizi o‘tirish ko‘p bo‘lgan guruhga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumotlarni tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, asosan o‘tiradiganlarda barcha sabablar bo‘yicha o‘lim xavfi 16 foiz, yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim xavfi esa 34 foizga yuqori. Ayniqsa, xavf 60 yoshdan oshgan, chekuvchi va surunkali kasalliklari (masalan, qandli diabet va gipertenziya) bo‘lgan odamlarda yuqori bo‘lgan.

Olimlar ish jarayonida o‘tirish va harakatni muvozanatlash, ya’ni faoliyatni almashlab tashkil etish orqali bu xavfni kamaytirish mumkinligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroildagi Ben-Gurion universiteti olimlari biologik qarishni sekinlashtira oladigan immun tizimi hujayralarini aniqlagandi. Ularga CD4-Eomes deb nom berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing