UZTELECOM MDHda birinchi bo‘lib ICTWEEK 2025da U6G (5G-Advanced) texnologiyasini namoyish etmoqda
Biznes
−
23 Sentabr 5719 4 daqiqa
23-26 sentyabr kunlari Central Asian Expo Uzbekistan (CAEx) xalqaro ko‘rgazma markazida mintaqaning eng yirik texnologik tadbiri – ICTWEEK 2025 bo‘lib o‘tmoqda. Unda 50 dan ortiq mamlakat vakillari, 300 dan ziyod kompaniyalar va minglab mutaxassislar ishtirok etmoqda. Ushbu tadbirda UZTELECOM O‘zbekistonda ilgari mavjud bo‘lmagan va MDH hududida birinchi bo‘lgan yechimlarni taqdim etmoqda.
UZTELECOM: Oddiy aloqadan – raqamli ekotizimgacha
Zamonaviy futuristik uslubda interaktiv ekranlar bilan jihozlangan stendda MDHda ilk bor amalga oshirilgan texnologiyalar namoyish etildi. Tashrif buyuruvchilar yangi xizmatlarni sinab ko‘rish, 10 Gbit/s tezlikdagi real internet ko‘rsatkichlarini kuzatish va U6G mobil aloqa imkoniyatlari bilan tanishish fursatiga ega bo‘ldilar. Bu esa ham biznes, ham jismoniy shaxslar uchun jahon darajasidagi xizmatlardan foydalanish imkonini yaratadi.
Simli internet va mobil aloqada ilg‘or texnologiyalar: MDHda birinchi marta U6G (5G -Advanced) texnologiyasi joriy etildi.
ICTWEEK 2025 doirasida Kompaniya MDHda birinchi marta U6G diapazonidagi 5G-Advanced texnologiyasini namoyish etdi. Bu voqea O‘zbekistonda mobil aloqaning yangi avlodini boshlab berdi va eng kam kechikish bilan 10 Gbit/s gacha tezlikka erishish imkonini yaratdi. Namoyish vaqtida real tezlik 10.16 Gbit/s gacha yetib, infratuzilmaning amaliy qo‘llanishga tayyorligini tasdiqladi.
U6G chastotasi internetning eng yuqori tezligini ta’minlab, strategik ustunlik yaratadi. Bu 6G texnologiyasiga tayyor infratuzilmani shakllantirish orqali O‘zbekistonning ilg‘or raqamli yechimlar markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
"O‘zbekiston 5G-Advanced texnologiyasi, ya’ni U6GHz chastota diapazoni bilan oldinga ulkan qadam qo‘ymoqda hamda Markaziy Osiyoda raqamli texnologiyalar bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallamoqda. Biz MDHda birinchi bo‘lib 10 Gbit/s tezlikdagi optik tolali internet va U6G diapazonidagi mobil aloqani ishga tushirayotganimizdan faxrlanamiz. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi xalqimizga jahon darajasidagi yechimlarni taqdim etish uchun o‘z infratuzilmasini rivojlantirishni davom ettirmoqda", dedi “O‘zbektelekom” AK boshqaruv raisining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Javlon Islamov.
Biznes va tashkilotlar uchun yechimlar
ICTWEEK 2025 doirasida UZTELECOM quyidagi yangi xizmatlarini taqdim etdi:
- Bulutli xizmatlar – Tier III darajasidagi data-markazda joylashgan virtual serverlar, sun’iy intellekt uchun kuchli GPU resurslari, 11 petabaytdan ortiq hajmdagi xavfsiz ma’lumotlar ombori va 99,99% ishonchlilik.
- 1C UZTELECOM – milliy standartlarga mos, avtomatik yangilanadigan onlayn buxgalteriya va boshqaruv tizimi.
- UZTELECOM HRM – kadrlarni boshqarish uchun yagona raqamli platforma: xodimlarni ishga qabul qilishdan tortib, KPI ko‘rsatkichlarini nazorat qilish va ish vaqtini hisoblashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oladi.
- Telecom Car – xodimlar uchun xizmat avtomobillarini tezkor buyurtma qilish servisi, kompaniya uchun esa safarlar va xarajatlarni nazorat qilish imkoniyati.
- Smart Building – AI va Big Data asosida ishlovchi “aqlli bino” yechimi bo‘lib, tashrif buyuruvchilar oqimini real vaqt rejimida tahlil qiladi, xavf-xatarlarni aniqlaydi va ob’ekt egalari uchun samaradorlik hamda xavfsizlikni oshiradi.
- Kiberxavfsizlik – biznesni himoya qilish uchun kompleks yechimlar majmuasi: tahdidlarni monitoring qilish, DDoS-hujumlardan himoya va raqamli savodxonlik bo‘yicha o‘quv platformasi.
Shuningdek, kompaniya korxonalarga mijozlar bilan uzluksiz muloqot olib borish va barcha aloqa kanallarini boshqarishni yengillashtiruvchi xizmatlarni ham taqdim etdi:
- Virtual raqam – internet yoki alohida qurilmasiz ishlaydigan xizmat. Bir vaqtning o‘zida bir nechta qo‘ng‘iroqni qabul qilish, avtomatik javob beruvchi, ovozli menyu, suhbatlarni yozib olish va statistikani kuzatish imkonini beradi.
- Call-center autsorsingi – barcha qo‘ng‘iroqlarni UZTELECOM operatorlari qabul qiladi, kompaniyaga esa vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi. Xizmat tarkibiga kiruvchi va chiquvchi qo‘ng‘iroqlar, 24/7 texnik yordam, suhbatlarni yozib olish, tahlil va brend ostida shaxsiylashtirilgan ssenariylar kiradi.
- Omnikanal platforma – mijozlar bilan muloqotni yagona tizimda boshqarish imkonini beruvchi yechim. Chat, messenjer va qo‘ng‘iroqlardan tezkor javob, murojaatlar tarixini saqlash, CRM integratsiyasi, analitika, sifat nazorati va yuklamaga moslashuvchanlikni ta’minlaydi.
- Avtoqo‘ng‘iroq – xabarnoma, eslatma, marketing kampaniyalari va fikr-mulohazalarni yig‘ish uchun avtomatlashtirilgan massaviy qo‘ng‘iroqlar xizmati.
- MyUZTELECOM Super App – UZTELECOM ekotizimining markazi
ICTWEEK 2025’da asosiy e’tibor MyUZTELECOM Super App ilovasiga qaratildi. Superilova yangi xizmatlar va funksiyalar bilan boyitilib, kompaniya ekotizimini yanada kengaytirdi. Unda quyidagi xizmatlar mavjud:
- Telecom Charger – mamlakat bo‘ylab elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalariga ulanish.
- Travel eSIM – sayohat paytida roumingsiz mahalliy eSIM xizmatini faollashtirish imkoniyati.
- ATTO – jamoat transportida to‘lovni to‘g‘ridan to‘g‘ri mobil hisobdan amalga oshirish.
- Telecom TV – premium kontentga ega yangi avlod OTT-televideniye xizmati.
- Yandex Plus – musiqa va ko‘ngilochar xizmatlarga obuna.
- UZTELECOM Disk – bulutli tizimda xavfsiz fayl saqlash xizmati.
- Videokuzatuv – aqlli kameralar va mobil ilova orqali masofadan boshqarish.
- Investitsiya – mobil ilova orqali kompaniya aksiyalarini xarid qilish imkoniyati.
- Self-SIM – SIM-kartani onlayn faollashtirish va raqam tanlash imkoniyati.
Shu tariqa, MyUZTELECOM Super App telekommunikatsiya, fintech, transport, media va bulutli xizmatlarni yagona platformada birlashtirmoqda.
Xulosa
UZTELECOM an’anaviy telekom operatoridan chiqib, keng qamrovli raqamli ekotizimga aylandi. Bugun kompaniya biznesga – o‘sish va rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar, millionlab odamlarga esa hayotni yengil va qulay qiladigan zamonaviy IT-yechimlarni taqdim etmoqda.
Reklama huquqi asosida
Live
Barchasi