Vens bola-chaqasi bilan Ozarbayjon va Armanistonga bordi. Muddao ne? (video)
Olam
−
10 fevral 1092 5 daqiqa
Qo‘shma Shtatlar yana Janubiy Kavkazga qaytmoqda va bu safar oddiy diplomatik imo-ishora bilan emas, balki vitse-prezident darajasida. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens rafiqasi Usha Vens va 3 bolasi bilan Janubiy Kavkazga, xususan Armaniston va Ozarbayjonga safarini amalga oshirmoqda. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida doimiy ravishda xabar ulashib boryapti.
Armanistonga tashrif buyurgan birinchi amaldagi AQSH vitse-prezidentiga aylangan Vensning poytaxt Yerevanga tashrifi 9 va 10 fevral kunlarini qamrab olgan. U tashrifning birinchi kuni kechqurun Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Muzokaralarda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida ishtirok etish taklifini qabul qilgan.

“Men Armanistonning AQSH ma’muriyatining tinchlik tashabbuslarini, jumladan, “Tinchlik kengashi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash niyatini yana bir bor tasdiqladim. Shuni ta’kidlashni istardimki, men 19 fevral kuni “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Prezident Trampdan taklifnoma oldim va uni mamnuniyat bilan qabul qildim”, degan Pashinyan matbuotga bergan bayonotida.
Vitse-prezident esa Armanistonga 11 million dollar (9,2 million yevro) qiymatidagi Amerika dron texnologiyasini sotishini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, “AQSH nafaqat Armanistonga tinchlik olib kelmoqda, balki birgalikda Armaniston va Qo‘shma Shtatlar uchun haqiqiy farovonlik yaratmoqda”.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida “Armaniston Respublikasi hukumati va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati o‘rtasida yadro energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarning yakunlanishi to‘g‘risida qo‘shma bayonot” imzolangan. Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, “Armaniston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi chuqurlashib borayotgan energetika hamkorligida yangi bob ochadi”.
Pashinyan bu tashrifni “chinakam tarixiy” deb atab, Donald Trampning Armaniston-Ozarbayjon tinchlik jarayonida vositachilik qilgani uchun Nobel tinchlik mukofotiga “haqli ravishda” ega bo‘lishiga “katta umid” bildirganini aytgan.
Vens Ozarbayjonni Naxchivan anklavi bilan bog‘laydigan janubiy Armaniston orqali o‘tadigan 43 kilometrlik yo‘lak – Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘nalishi loyihasini ilgari surmoqda.
Yo‘nalish Markaziy Osiyo va Kaspiy havzasini Rossiya va Eronni chetlab o‘tib, Yevropa bilan bog‘lash va AQSHning mintaqadagi tijorat manfaatlarini mustahkamlash uchun mo‘ljallangan. Yangi savdo yo‘lagi loyihasi Amerika investitsiyalarini rag‘batlantirish va AQSH bozoriga “muhim minerallar va noyob yer elementlari” kirishini ta’minlashga qaratilgan.
Vashington bu loyihani Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘nlab yillar davom etgan mojaroning tinch yo‘l bilan yakunlanganidan keyin ishonchni mustahkamlash chorasi sifatida ko‘radi.
Keyin AQSH vitse-prezidenti Yerevandan Bakuga yo‘l olgan. Uning Ozarbayjonga tashrifi 10-11 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. Bugun, 10 fevral kuni tushdan so‘ng Ozarbayjonda Vensni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgan. Respublika Prezidenti Ilhom Aliyev Qo‘shma Shtatlari vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens bilan tor doirada o‘tkazgan uchrashuvdan so‘ng “Ozarbayjon Respublikasi hukumati va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati o‘rtasida Strategik sheriklik xartiyasi”ni imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan.
“Biz Tramp-Vens ma’muriyatiga Ozarbayjonga nisbatan juda ijobiy munosabati uchun minnatdormiz. Bugungi Strategik sheriklik xartiyasini imzolash marosimi samimiy mehnat natijasidir”, degan Bayden administratsiyasi bilan ko‘p ziddiyatga borgan Aliyev.
Qolaversa, Ozarbayjon rahbari AQSHni – “dunyodagi eng qudratli davlat”, deya e’tirof etib, Qo‘shma Shtatlar bilan strategik sheriklik Ozarbayjon uchun katta sharaf ekanini bildirgan.
“Dunyodagi eng qudratli davlat – Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan strategik sherikligimizni qurish biz uchun katta sharafdir. Olti oy oldin Vashingtonda Prezident Tramp bilan bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv va ushbu xartiyani ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhning tashkil etilishi ikki tomonlama hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratdi”, degan u.
Vens ham o‘z navbatida Qo‘shma Shtatlar va Ozarbayjon uzoq vaqtdan beri muhim strategik sheriklikka ega ekanini urg‘ulagan va Ozarbayjon AQSHni dastaklagan holda Afg‘onistondan chiqib ketgan oxirgi davlatlardan biri ekanligini aytgan.
“Balki ko‘p odamlar bilmasligi mumkin, ammo Ozarbayjon Afg‘onistondan chiqib ketgan oxirgi davlatlardan biri edi. Biz qiyin sharoitlarda operatsiyalarni amalga oshirdik va o‘sha paytda obro‘yimizni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik”, degan u.
So‘ngra, Ozarbayjon Respublikasi hukumati va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi xartiya matni e’lon qilingan.

Hujjat tomonlarning o‘zaro suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi hamda siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Xartiyada mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish, xususan, Transxazar transport yo‘lagi (O‘rta yo‘lak) doirasida energetika, savdo va tranzit infratuzilmasini kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Tomonlar Ozarbayjonning asosiy hududi bilan Naxchivan o‘rtasida uzluksiz aloqani ta’minlashga xizmat qiluvchi “Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp marshruti” loyihasining ahamiyatini e’tirof etgan.
Hujjatda AQSH Ozarbayjonning global iqtisodiyotga integratsiyasini kuchaytirish va Kaspiy mintaqasida energetika, savdo, ma’lumotlar va logistika markazi sifatidagi rolini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Shuningdek, tomonlar energetika xavfsizligi, neft-gaz va elektr energetikasi, fuqaroviy yadro hamkorligi, muhim minerallar tranziti bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Tomonlar kamida yiliga bir marta uchrashib, kelishuvlar ijrosini muhokama qilib borish bo‘yicha yakdil fikrga kelgan.