Venesuela 5 yil ichida ilk bor Isroil bilan aloqa o‘rnatdi
Olam
−
09:07 745 2 daqiqa
Venesuela 2020 yildan buyon ilk bor Isroilga neft partiyasini yubordi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Venesuela ko‘p yillardan so‘ng ilk bor Isroilga neft yubormoqda. Bunga Qo‘shma Shtatlar tomonidan mamlakat Prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi ortidan ushbu Lotin Amerikasi davlati eksportining kengaygani sabab bo‘lgan.
“Neft manzilga yetib borganida, bu 2020 yil o‘rtalaridan beri ilk shunday yetkazib berish bo‘ladi. O‘shanda Isroil qariyb 470 ming barrel neft sotib olgan edi”, deyiladi xabarda.
Agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, yuk O‘rta yer dengizi mintaqasidagi eng yirik neftni qayta ishlovchi kompaniya – Bazan Group uchun yetkazib berilmoqda. Bazan kompaniyasi (Oil Refineries Ltd nomi bilan ham tanilgan) izoh berishdan bosh tortgan, Isroil Energetika vazirligi esa mamlakat neftni qayerdan olayotgani haqida ma’lumot berishni rad etgan.
Nashr tahlilchilarining qayd etishicha, ushbu kelishuv Maduroning hokimiyatdan chetlatilishi mamlakatdagi neft oqimlarini qanday o‘zgartirayotganining navbatdagi dalilidir. Avval Venesuela neftni asosan Xitoyga yetkazib bergan bo‘lsa, o‘tgan oy asosiy xaridorlar Hindiston, Ispaniya va AQSH bo‘lgan.
Qayd etish joiz, 3 yanvar kuni Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga keng ko‘lamli zarba bergan, mamlakat Prezidenti Nikolas Maduro va uning turmush o‘rtog‘i Siliya Flores qo‘lga olinib, Nyu-Yorkka olib ketilgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp ularning “narkoterrorizm”ga aloqador bo‘lgani va jumladan AQSH uchun tahdid solgani sababli sud oldida javob berishini bildirgan.
Maduro va uning rafiqasi Nyu-Yorkdagi sud majlisida o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha aybsiz ekanini ma’lum qilgan.