Mirziyoyev Trampni o‘ziga og‘dirdi. Endi O‘zbekiston AQSH uchun kichik davlat emas.
Tahlil
−
24 Sentabr 24725 9 daqiqa
Donald Trampdan yuksak maqtovlar, AQSH kompaniyalari bilan manfaatli kelishuvlar, BMT minbaridan qilingan nutq, unda aytilgan bugungi Markaziy Osiyo, Orol dengizi muammosi, Afg‘oniston va G‘azo hamda BMT XK tarkibini kengaytirish kabi takliflar. Prezidentlar, monarxlar va BMT Bosh kotibi bilan uchrashuvlar. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida AQSHga qilgan fenomenal tashrifi qanday o‘tmoqda? Bugun shular haqida batafsil so‘z yuritiladi.
Tramp bilan kelishish bo‘yicha master-klass
AQSH Prezidenti Donald Tramp bugungi kunda deyarli butun dunyo uchun qaysidir ma’noda muammoga aylangan. Uning savdo va boshqa sohalarda amalga oshirayotgan siyosatini deyarli har bir davlat his qilmasdan qolmaydi. Albatta, dunyo uning “qosh-qovog‘iga” yana salkam 3,5 yil qarashga majbur. Biror kor-hol yuz berib, voqealar rivoji tubdan o‘zgarib ketmasa, 2029 yil 20 yanvarga qadar u Oq uydan chiqmaydi. Muammo esa shundaki, bugun dunyo davlatlari u bilan murosa qilishda turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Biroq Tramp bilan kelishish borasida keyingi 3,5 yil uchun to‘liq ish beradigan master-klassni 22-23 sentyabr kunlari Shavkat Mirziyoyev namoyon qildi.
Nyu-Yorkka tashrifini milliardlab dollarlik shartnomalar bilan boshlagan Shavkat Mirziyoyev darhol Trampning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. “Boeing”dan 22 ta “787 Dreamliner”ni 8 milliard dollarga sotib olinishi Trampni juda xursand qildi. U darhol o‘ziga qarashli ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida O‘zbekiston rahbarini maqtab katta post qoldirdi. U Shavkat Mirziyoyevni bir so‘zli odam ekani va u bilan hali ko‘plab masalalarda birga ishlashini bildirdi. Shuningdek, Tramp O‘zbekiston yetakchisi bilan sentyabr oyi boshida telefon orqali muloqot qilganini ham eslatib o‘tgan.
“Shu oy boshida men O‘zbekiston Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan edim. Bugun men Prezident Mirziyoyevni "Boeing" bilan ulkan bitim imzolangani bilan tabriklayman! “Uzbekistan Airways” 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta "787 Dreamliner" samolyotini xarid qiladi. Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 000 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi”, degan Tramp.
Shundan ko‘rinib turibdiki, Trampning ko‘nglini to‘ldirish uchun unda shakllangan tafakkur nimani talab qilsa, shuni berish kifoya. Yaxshi kelishuv, AQSHga ozmuncha sarmoya, undan nimanidir sotib olish va ish o‘rni yaratishga kichik bo‘lsa ham hissa qo‘shish – bular uning ko‘nglini ovlaydigan eng muhim qadamlardir. Uning tadbirkorlari va AQSH kompaniyalari bilan muzokaralari esa Trampning ko‘z o‘ngida juda chiroyli manzara yaratadi. Marhamat, O‘zbekiston yetakchisi bu borada ham kerakli harakatlarni amalga oshirdi. 22 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidentining maxsus vakili, Toshkentda tug‘ilgan Serjio Gor huzurida ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi. Ular orasida Transport vazirligi va Boeing kompaniyasi o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risida bitim, tog‘-kon uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida bitim, “Centrum Air” aviakompaniyasi va “Oppenheimer” investitsiya kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim, istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish to‘g‘risida bitim va boshqa yana ko‘plab kelishuvlar bor.
Shu kuni O‘zbekiston Prezidenti Nyu-York shahriga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya jamg‘armalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Tadbirda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor, global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakil Paolo Zampolli, “Franklin Templeton”, “Citigroup”, “BNY Mellon”, “NASDAQ”, “Boeing”, “Mastercard”, “Visa”, “General Motors”, “Nvidia”, “Oppenheimer”, “Jefferies”, “Air Products”, “GoGreen Partners”, “Cleveland Clinic” va “Cargill” kabi kompaniyalarning top-menejerlari hamda O‘zbekistonning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Ma’lumot o‘rnida shuni ham qayd etish joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSH hamkorligi ancha yuqorilagan. Tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 8 yilda 4 baravar oshib, AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi O‘zbekistonga sarmoya kiritgan.
Tramp bilan yuzma-yuz
23 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp 7 yillik tanaffusdan so‘ng yana uchrashdi. Albatta, bu gal ular Oq uyda emas, Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohida muzokara o‘tkazdi. Yetakchilar O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari va ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilgani aytildi. Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Prezident Donald Trampni ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishdagi yuksak muvaffaqiyatlari bilan tabrikladi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Trampning Ozarbayjon va Armaniston kelishuvidagi va boshqa urushlardagi roli uchun Nobel mukofotiga loyiq deb bilishini aytdi.
O‘z o‘rnida Tramp ham Shavkat Mirziyoyevni buyuk lider deb atadi va O‘zbekistonda amalga oshirayotgan islohotlarini yuqori baholadi. Trampning O‘zbekistonga bergan sodda ta’rifiga ko‘ra, uning nefti ham, puli ham ko‘pdir. Chunki shu kuni AQSH rahbarini eng ko‘p quvontirgan jihat – O‘zbekiston va AQSH kompaniyalari o‘rtasida 105 milliard dollar miqdorida kelishuvlar amalga oshirilgani bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2018 yil Shavkat Mirziyoyevning Oq uyga qilgan tarixiy tashrifi davomida bor-yo‘g‘i 20 milliard dollar atrofida bo‘lgandi. Bu safar esa 5 baravar ko‘proq. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston rahbari Prezident Donald Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi. Shavkat Mirziyoyev uni Samarqandda ko‘rishni xohlayotganini bildirdi. Tramp esa taklif uchun tashakkur bildiradi va bu haqda o‘ylab ko‘rishini aytdi.
Mirziyoyev Markaziy Osiyo butunlay o‘zgarganini dunyoga yetkazdi
23 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida o‘zining navbatdagi chiqishini amalga oshirdi. U o‘z nutqida qator masalalarga, jumladan, G‘azodagi vaziyat, Afg‘onistonga ko‘mak, Orol dengizni unutib qo‘ymaslik va eng muhimi – Xavfsizlik Kengashi tarkibini kengaytirish haqida so‘z ochdi.
“Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari so‘nggi yillarda mamlakatda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishilganini ta’kidladi. Bu, avvalo, ta’lim va ilm-fan sohasini yuksaltirish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish va natijada millionlab ish o‘rinlari yaratish orqali amalga oshirilgan.
Shavkat Mirziyoyev hatto BMT minbarida ham O‘zbekistondagi o‘qituvchilarning obro‘si haqida so‘z ochdi.
“Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. Eng asosiysi – o‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘si va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaramoqdamiz. Pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif etamiz”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Davlat rahbari, shuningdek, O‘zbekiston 2030 yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni niyat qilgani va shu maqsadda ochiq va pragmatik siyosat olib borayotganini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo haqida aytgan gaplari esa katta ehtimol bilan dunyo uchun yaxshigina “signal” bo‘ldi. Unga ko‘ra, bundan 8 yil muqaddam BMT minbaridan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgani, bugun esa ushbu strategik maqsadga erishilgani aytildi. Shavkat Mirziyoyev mintaqada yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri endilikda tarixda qolganini bildirdi.
“So‘nggi yillarda mintaqamizda o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh baravargacha ko‘paydi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylanganini ham umumiy yutug‘imiz sifatida e’tirof etamiz. Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. Mintaqamiz o‘zining hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida sub’ekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev ikkita muhim masala yuzasidan BMT rezolyutsiyasini qabul qilish lozimligini aytdi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiya va Afg‘onistonda xalqaro transport va energetika koridorlarini yaratish bo‘yicha rezolyutsiyalardir.
“Global va mintaqaviy xavfsizlik hamda barqaror rivojlanish haqida gapirganda, albatta Afg‘oniston to‘g‘risida to‘xtalmaslik mumkin emas. Afg‘on xalqi tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimdir. Biz Afg‘onistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchimiz. Ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha Tashkilotimizning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz”, dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari G‘azo va Ukrainadagi vaziyatga ham alohida to‘xtalib, bu ziddiyatlarni hal etishda O‘zbekistonning pozitsiyasi qanday ekanini yana bir bor eslatdi.
“G‘azo sektoridagi tobora keskin yomonlashib borayotgan gumanitar inqirozni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqiramiz. Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdorimiz. Ukraina atrofidagi vaziyat ham barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Bu muammoni diplomatik yo‘llar bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishlaymiz”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev tobora o‘tkir tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolariga Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari misolida alohida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda va so‘nggi yillarda dengizning qurib qolgan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030 yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi.
“Hurmatli xonimlar va janoblar! Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz. E’tiboringiz uchun rahmat”, deydi u.
O‘zbekiston Prezidentining Nyu-Yorkka tashrifi davomida juda yuqori temp kuzatildi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Albaniya Prezidenti Bayram Begay, Iordaniya qiroli Abdulla II, Koreya Prezidenti Li Chje Myon, Chexiya rahbari Petr Pavel va boshqalar bilan uchrashishga ulgurdi.
Xulosa qilib aytganda, AQSH Prezidenti tomonidan tashrifning ilk kuniyoq maqtovlar eshitish, juda katta shartnomalar, BMT minbaridan turib Xavfsizlik Kengashini kengaytirishga chaqiriq va boshqa harakatlar bilan davom etayotgan bu tashrif O‘zbekiston tarixidagi eng ko‘zga ko‘ringan siyosiy voqeliklardan biri bo‘lib qolishi shubhasiz.
Live
Barchasi