Yahudiylar yana Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkdagi konsertini bekor qildirmoqchi (video)
Madaniyat-san’at
−
04 may 13183 2 daqiqa
AQSHda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsertiga qarshi kampaniya boshlandi. Bu haqda “Brighton beach news” xabar berdi.
Mahalliy siyosatchilar, jumladan, Nassau okrugi rahbari va shtat gubernatorligiga nomzod Bryus Bleykman, shuningdek, Nyu-York shtati Assambleyasi a’zolari Maykl Novaxov va Alek Bruk-Krasniy tanqid bilan chiqish qildi.
Kampaniya tashabbuskorlari xonandani antisemitik ruhdagi bayonotlarda ayblamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Yulduz Usmonovaga ushbu bayonotlarni ommaviy ravishda rad etish va uzr so‘rash taklif qilingan, biroq u buni rad etgan. Shuningdek, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioga san’atkorga berilgan vizani bekor qilish to‘g‘risida murojaat yuborilgan.
Bugun, 4 may kuni Nyu-Yorkda konsertni bekor qilish tashabbusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Matbuot anjumani tashkilotchilarining fikricha, Bruklinning yahudiylar yashaydigan tumanida bunday konsertning o‘tkazilishi, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi xotirasi bilan bog‘liq sana arafasida mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat.
Ma’lumot uchun, 2014 yilda ham Nyu-Yorkda Yulduz Usmonovaning konserti bekor qilingan. Konsertning bekor qilinishiga taklifnomada faqat Yulduz Usmonovaning o‘zigina ko‘rsatilgani sabab bo‘lgan. Tashkilotchilar xonandaning AQSHga kirish vizasini rasmiylashtirgan, biroq uning sozandalari haqida unutib qo‘yishgan. Oqibatda sozandalar o‘z vaqtida viza rasmiylashtira olmagan va konsertni bekor qilishga to‘g‘ri kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Yulduz Usmonovaning AQSHning Nyu-York shtatida 2024 yilning 14 sentyabr kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan an’anaviy konserti ham Amerikadagi yahudiy diasporasining noroziligi ortidan bekor qilingan edi. O‘zbekiston xalq artisti o‘zining Instagram sahifasida Falastin va Isroil o‘rtasidagi mojaroga munosabat bildirib, Isroilni bosqinchilikda ayblab, uni davlat deb hisoblamasligini aytgan. Keyinroq esa, u Isroil mahsulotlarini boykot qilishga chaqirgan. Bu bayonot AQSH va Isroildagi Buxoro yahudiylari jamoasida g‘azab va xavotir bilan qarshilandi. Jamoa vakillari Usmonova “antisemit ohangidagi” chiqishlari uchun Isroil xalqidan kechirim so‘rashi kerakligini aytgan.
Live
Barchasi