Yaqindagina ozodlikka chiqqan Sarkozi yana qamalishi mumkin

Olam

image

Fransiya prokuraturasi sobiq prezident Nikolya Sarkozini yetti yilga qamashni talab qildi. Bu haqda BFM xabar berdi.

Ayblovchilar, shuningdek, unga 300 ming yevro jarima va besh yil davlat lavozimlarida ishlash taqiqini qo‘llashni so‘ragan. Sarkozi 2007 yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasi uchun Liviya hukumati tomonidan moliyalashtirilganlikda ayblanmoqda. U esa bu ayblovlarni rad etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, agar 30 noyabr kuni apellyatsiya sudi ayblov hukmini chiqarsa, Sarkozi qaror ustidan kassatsiya sudiga shikoyat qilish huquqini saqlab qoladi.

Sudda Sarkozining yaqin hamkorlari – sobiq ma’muriyat rahbari Klod Gean uchun olti yil, sobiq maslahatchisi Bris Ortefyo uchun to‘rt yil qamoq jazosi so‘ralgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Liviya Sarkozi atrofidagilariga 50 million yevrogacha mablag‘ bergan. Bu esa Fransiyadagi saylov kampaniyalari uchun ruxsat etilgan limitdan ancha yuqori hisoblanadi. Ayblovchilar fikricha, bu mablag‘lar evaziga Sarkozi o‘sha paytda Liviyani boshqargan Muammar Kaddafiyning xalqaro imijini yaxshilash va mamlakatni diplomatik yakkalikdan chiqarishga yordam berishni va’da qilgan.

2025 yil oktyabr oyida Sarkozi qamoqqa olingan va u zamonaviy Fransiya tarixida qamoq jazosini o‘tagan birinchi sobiq prezidentga aylangan edi. Keyinroq apellyatsiya sudi uni garov evaziga ozod qilgan.

Sarkoziga qarshi boshqa ishlar ham qo‘zg‘atilgan. 2021 yilda sud uni 2012 yilgi saylov kampaniyasi xarajatlarini yashirishda aybdor deb topgan. Shuningdek, u sudyani pora bilan og‘dirishga uringanlik uchun ham hukm qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nikolya Sarkozi saylov kampaniyasidagi noqonuniy xarajatlar bo‘yicha ish doirasida muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Nikolya Sarkozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing