Yangi kosmik poyga, Armanistonning G‘arbga burilishi va Kiyevga zarba — Weekend

Tahlil

So‘nggi vaqtlarda Sharqiy Yevropadagi urush harakatlari ham faollashib qoldi. Ukrainaning Rossiya neft infratuzilmalariga qilgan hujumlari javobsiz qolmasligi aniq edi va kutilgan javob zarbalari ham amalga oshirildi.
 
Artemis II (Artemis II) ning muvaffaqiyatli fazoviy ekspeditsiyasidan so‘ng, Xitoy ham bir yillik kosmik missiyani boshladi. Aftidan, SSSR bilan bo‘lgan ssenariy takrorlanyapti, AQSH va Xitoyning kosmik darajadagi raqobati boshlanmoqda.
 
Yerevan G‘arb tomonga og‘ishishda davom etmoqda. AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Armanistonga tashrifi doirasida AQSH va Armaniston o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi nizom imzolandi. Vladimir Putin bunga jim qarab turmasa kerak, birgina Ukrainaning o‘zi bunga yaqqol isbot.
 
Qozog‘istonda yana bir muhim tadbir. Rossiya boshchiligida qator davlatlar Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi uchun Ostonaga yig‘ildi. O‘zbekiston esa, kuzatuvchi davlat maqomida unda ishtirok etdi.

«Oreshnik» zarbalari

2026 yil 24 may kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi harbiy boshqaruv ob’ektlari, aviabazalar va mudofaa-sanoat korxonalariga javob zarbasi berilganini ma’lum qildi. Bayonotga ko‘ra, hujumda «Oreshnik», «Iskander», «Kinjal», «Sirkon», shuningdek, havo, dengiz va quruqlikdan uchiriladigan qanotli raketalar hamda zarbdor dronlardan foydalanilgan. Ukraina tomonining ma’lum qilishicha, asosiy zarbalar mamlakat poytaxti Kiyev va uning atrofidagi hududlarga berilgan.
 
Bular orasida «Oreshnik» o‘rta masofali ballistik raketasi ham bo‘lgani xalqaro maydonda o‘ziga xos rezonans hosil qildi. Xo‘sh, nega?
 
Rus tilida “yong‘oq daraxti” (o‘rmon yong‘og‘i) ma’nosini beruvchi “Oreshnik” – bu o‘rta masofali gipertovushli ballistik raketa. 2024 yil noyabrida Rossiya bu qurolni ilk bor Dnepr shahriga qo‘llaganidayoq ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Negaki, bu “yong‘oq daraxti” (o‘rmon yong‘og‘i) aslida yadro kallaklarini olib yurishga mo‘ljallangan. Raketa soatiga 13 000 kilometr tezlikda ucha oladi va havo mudofaasi tizimlariga yaxshigina muammolar tug‘diradi.
 
Bundan tashqari, bu “ajal kasofatlari” MIRV texnologiyasidan foydalanadi – ya’ni bitta raketadan bir nechta alohida jangovar bo‘lak ajralib, turli manzillarga yo‘naltirilishi mumkin. 2024 yil noyabridagi Dnepr zarbasida bu texnologiya birinchi bor jangovar sharoitda qo‘llanilgani taxmin qilinmoqda. Shu kungacha Moskva bu quroldan 3 marta foydalandi.
 
* **Birinchi zarba** 2024 yil 21 noyabrda sodir bo‘ldi. Nishon – Dneprdagi sanoat ob’ektlari edi. Putin o‘shanda bu zarba Ukrainaning G‘arb raketalaridan foydalanib Rossiya hududiga zarbalar berishiga javob ekanini aytgandi.

* **Ikkinchi zarba** 2026 yil 9 yanvar sanasida bo‘ldi. Bu safar – NATO chegarasidan 60 kilometr masofada edi. Ushbu zarba orqali Rossiya raketaning nafaqat yaqin, balki Ukraina g‘arbidagi va NATO chegaralariga yaqin bo‘lgan uzoq masofali nishonlarni ham aniq ura olish qobiliyatini namoyish etdi. Rossiya Mudofaa vazirligi Putinning Valdaydagi qarorgohiga Ukraina droni hujum qilganini bahona qilib ko‘rsatdi. Ukraina va AQSH bu da’voni qat’iyan rad etdi.

* **Uchinchi va hozircha eng talofatli zarba** 2026 yil 24 mayda Kiyevning o‘ziga berildi. Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham o‘z bayonotida Ukraina tomonidan Starobelsk kollejining yotoqxonasiga berilgan zarba «Rossiyaning keskin javobiga» sabab bo‘lganini yozib chiqdi.
 
Rossiya tomonining iddao qilishicha, 22 mayga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Lugansk xalq respublikasidagi Starobelsk professional kollejiga hujum uyushtirgan. Oqibatda 21 kishi halok bo‘lgan, 40 dan ortiq odam jarohatlangan.
 
Tomonlar yosh boladek janjalni kim boshlaganini hal etolmay ovora. Boshqa tomonda esa, odamlar halok bo‘lmoqda. Ushbu hujum natijasida poytaxtda 2 kishi halok bo‘ldi, Kiyev atrofida yana 2 kishi bu hayotdan ko‘z yumdi, jami 100 ga yaqin kishi yaralandi.
 
Bundan tashqari, Milliy san’at muzeyi, filarmoniya zali va yangi ochilgan Chernobil xotirasiga bag‘ishlangan muzey kabi madaniy ob’ektlarga ham zarbalar berildi. Bir necha o‘nlab ko‘p qavatli uy-joylar va maktablar shikastlandi.

> “Bu Ukraina uchun juda og‘ir kecha bo‘ldi. Ko‘plab Rossiya raketalari va Shahid dronlari tinch aholini nishonga oldi. Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Kiyevning madaniy muassasalariga yetkazilgan eng katta zararlar seriyasidir. Ruslar Kann kinofestivalida mukofotlarni qabul qilayotgan bir paytda, ularning aka-uka va opa-singillari ukrainalik bolalarni o‘qqa tutishdi. Rossiyalik san’atkorlarga berilgan mukofot va ularning barcha aybni faqat Rossiya diktator-prezidentiga yuklash orqali o‘zlarini oqlashga urinishi ayniqsa kinoyali ko‘rinardi”, – dedi Ukraina Bosh vazirining gumanitar siyosat bo‘yicha o‘rinbosari va madaniyat vaziri Tatyana Berejnaya.

Rossiya Kiyevga zarba berganidan so‘ng, G‘arbdan keskin reaksiyalar keldi, ammo odatdagidek, asosan og‘zaki.
 
Germaniya Kansleri Fridrix Mers hujumni “beparvo eskalatsiya” deb atadi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni tasdiqladi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Rossiyaning so‘nggi hujumlarini qoralagan. Uning aytishicha, yadroviy qurol tashish imkoniyatiga ega “Oreshnik” raketasidan foydalanish Rossiyaning urushdagi murakkab holati va mojaroning xavfli bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
 
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas haqiqatan ham Rossiyaning ushbu harakatlarini keskin qoralab, uni siyosiy qo‘rqitish va yadro urushi yoqasida ommaviy o‘yin o‘ynash deb atagan.

“Rossiya jang maydonida boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, shuning uchun u shahar markazlariga qasddan zarbalar berish orqali Ukrainani terror qilmoqda... Moskva tomonidan yadroviy kallaklarni tashishga mo‘ljallangan “Oreshnik” o‘rta masofali ballistik raketalarining qo‘llanilishi – bu shunchaki siyosiy qo‘rqitish taktikasi va beparvo yadroviy brinkmenship (yadro xavfi bilan o‘ynashish) hisoblanadi”, — deydi u.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga bu zarbani NATO chegarasiga yaqinligi sababli “Yevropa qit’asi xavfsizligiga jiddiy tahdid” deb baholadi va favqulodda BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini chaqirishni talab qildi.
 
Zelenskiy esa, vaziyatdan foydalanib, G‘arbning yordamini qo‘lga kiritish ilinjida. U AQSH Prezidenti Donald Tramp va Kongressga murojaat qilib, Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlari va raketaga qarshi o‘q-dorilarni tezroq yetkazib berishni so‘radi.
 
Qisqa qilib aytganda, Kiyev keskin javob zarbasi bo‘lishini bilib, Rossiyaning energetika infratuzilmalariga hujum qilgandi, maqsad esa katta ehtimol bilan Yevropa va AQSHning beminnat yordamlarini tezroq olishi bo‘lishi mumkin. Ammo hujum ko‘lamini bunday tasavvur qilganmidi? Bu savol ochiq.

Kosmik bellashuv qaytmoqdami?

Bir vaqtlar Sovuq urush va AQSH hamda SSSR raqobati shu qadar jiddiylashib ketgandiki, yana ko‘plab sohalar qatorida kosmonavtika ham ikki davlat o‘rtasidagi poyganing bir qismiga aylanib ketgan edi. SSSR kosmosga chiqishda birinchilikni egallagan bo‘lsa, Oyga birinchi qo‘nganlar amerikaliklar edi.
 
Bugun esa o‘yinchilar o‘zgargan, ammo poyga davom etayotgandek. Endi AQSHning asosiy raqibi Rossiya emas — Xitoy, hatto kosmonavtikada ham. 2026 yil 24 may kechasi Gobi cho‘lidagi “Szyutsyuan” kosmodromidan “Long March-2F” raketasi parvoz etdi. Soat 23:08 da “Shenchjou-23” ekipajli kosmik kemasi orbitaga chiqdi. Ekipaj tarkibidan qo‘mondon Chju Yanchju, uchuvchi Chjan Yuanchji va foydali yuk bo‘yicha mutaxassis Li Szyain o‘rin olgan.
 
Ammo eng muhim yangilik – bu uch astronavtdan birining kosmosda bir yil davomida qolishidir. Bunday uzoq muddatli missiya Xitoy uchun birinchi marta bo‘ladi — hozirgacha Xitoy astronavtlari odatda olti oy qolishgan.
 
“Shenchjou-23” missiyasi davomida Xitoy kelajakdagi Oy dasturi uchun zarur bo‘lgan avtomatik tutashish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Olimlar koinotda uzoq vaqt qolishning inson organizmiga ta’sirini, jumladan, radiatsiya ta’siri, suyak massasining yo‘qolishi va psixologik stressni tadqiq qiladi.
 
“Shenchjou-23” missiyasi nafaqat ilm-fandagi, balki siyosiy maydondagi bellashuvning hosilasidir. Aprel oyida NASA “Artemis II” missiyasini muvaffaqiyatli yakunlagan edi – bu oxirgi 50 yildan ortiq vaqt ichida Oy atrofini boshqariladigan kemada aylanib chiqish bo‘yicha ilk parvoz bo‘ldi. To‘rt nafar astronavt parvozda qariyb 10 kun bo‘ldi va 1,1 million kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Shubhasiz, bugungi kunda AQSHning yangi raqobatchisiga aylangan Xitoy ham bu borada ortda qolishi mumkin emas edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy 2030 yilgacha Oyga o‘z fazogirlarini qo‘ndirishni va 2035 yilga borib Rossiya bilan hamkorlikda Oyda doimiy baza yaratishni ko‘zlamoqda.
 
Bu raqobat yangilik emas, albatta. 1957 yilda Sovet Ittifoqi Sputnikni orbitaga chiqarganida, hamma AQSHning sharqdagi raqobatchisidan ortda qolayotganiga amin bo‘ldi. Kosmik darajadagi yutuq SSSRning obro‘sini ham kosmik darajada oshirib yuborgan edi. 1961 yilda Yuriy Gagarin birinchi inson sifatida kosmosga uchganida, Prezident Kennedi “biz Oyga borishimiz kerak” deb umummilliy maqsad e’lon qildi. 1969 yilda Nill Armstrong Oyga qadam qo‘yganida, bu nafaqat ilmiy yutuq, balki geosiyosiy g‘alaba edi.
O‘sha davrdagi “musobaqada” kosmik soha ham “yumshoq kuch” va texnologik ustunlikning belgisi bo‘lib xizmat qildi. Endi esa, o‘sha bellashuv yangi qiyofa bilan qaytmoqda. Farqi shundaki, bugungi poyga faqatgina bayroq tirkash uchun emas.
 
Ba’zi tasdiqlanmagan manbalarga ko‘ra, Oyda geliy-3, ya’ni yadro sintezi uchun zarur yonilg‘i zaxirasi mavjud deb taxmin qilinadi. Garchi uni qazib olish va Yerga ko‘chirishning texnik tafsilotlari noaniq bo‘lsa-da, ko‘pchilik Pekinning Oy tomonga intilishini aynan kosmik zaxiralarni egallashga urinish sifatida baholamoqda. Shuning uchun “Shenchjou-23”ning bir yillik missiyasi faqat ilmiy jihatdan emas – strategik jihatdan ham ahamiyatlidir.

G‘arbga yuzlanish yoxud Ukraina izidan

“Yevropa Ittifoqi va YeOII bilan bir vaqtda bojxona ittifoqida bo‘lishning iloji yo‘q”, – degan edi Rossiya yetakchisi. Ammo Yerevan bunday fikrda emas. Bugun Armaniston o‘z maqsadlarini aniq, berkitmasdan, dadil ifoda etmoqda.
 
2026 yil 26 may kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘z xotini bilan Hindistondan Vashingtonga qaytayotib, bir necha soatlik ishchi safar uchun Yerevanga qo‘ndi. Aeroportda Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan bilan qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazdi va ikkala hukumat qator tarixiy kelishuvlarni imzolashdi.
 
Bulardan eng muhimi – **“Har tomonlama strategik sheriklik nizomi”**. Bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni “strategik sheriklik” darajasiga ko‘taruvchi asosiy hujjat. Mirzoyan “bu tarixiy misli ko‘rilmagan bosqich” ekanini ta’kidladi.

“Ikki tomonlama rivojlanish jarayonlari davom etayotganini hisobga olsak, tomonlar tarixan misli ko‘rilmagan bosqichga kirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi”, – dedi Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan.

Ikkinchi yana bir muhim hujjat – **“Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘nalishi”** doiraviy kelishuvi bo‘ldi. Bu loyiha Armanistonning Syunik viloyati orqali strategik tranzit yo‘lagini yaratishni ko‘zda tutadi. Uning faqat Armaniston yurisdiksiyasi doirasida faoliyat yuritishi va mamlakat suverenitetiga ta’sir qilmasligi ta’kidlangan. Loyihaga ko‘ra, Armaniston Qo‘shma Shtatlarga ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun 99 yilgacha bo‘lgan eksklyuziv uzoq muddatli huquqlarni beradi, bu orqali Ozarbayjon Naxchivon bilan quruqlik aloqasini o‘rnatishga umid qilmoqda. Birinchi bosqichda Qo‘shma Shtatlarga 74% ulush, Armanistonga esa 26% ulush taklif etiladi, kelishuv yangilangandan so‘ng, Armanistonning ulushini 49% gacha oshirish imkoniyati mavjud.
 
Uchinchi hujjat esa, qazilma ma’danlari va yer osti resurslari sohasidagi hamkorlik memorandumidir. Garchi Armaniston katta zaxiralariga ega bo‘lgan davlat bo‘lmasa-da, AQSH uchun bu soha ham alohida ahamiyat kasb etdi deyish mumkin.
 
Albatta, bu ochiqchasiga Rossiyadan uzoqlashish va G‘arb tomonga og‘ishishdir. Armanistonning G‘arbga yaqinlashuvi bir kunda qaror qilingan voqelik emas. Bu harakatlar Yerevanning Qorabog‘ni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining rasmiy a’zosi bo‘la turib, Ozarbayjonga boy berishi va Moskvaning ishonchni oqlay olmagani oqibatidir.
 
* **2023 yilda** Yevropa Ittifoqi Armaniston-Ozarbayjon chegarasida kuzatuv missiyasini joylashtirdi.

* **2025 yil 26 martda** Armaniston parlamenti Yevropa Ittifoqiga a’zolik jarayonini rasman boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

* **2025 yil avgustda** Vashington sammitida AQSH va Armaniston o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.

* **2026 yil yanvarda** “Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘nalishi” doiraviy kelishuvi imzolandi.

* **2026 yil 26 mayda** “Har tomonlama strategik sheriklik nizomi” rasman e’lon qilindi.
 
Xo‘sh, bu gal Moskva jim turadimi? Tahlilchilar bunga turlicha yondashadi. Kimdir Ukrainaning kuni Armanistonning boshiga tushadi desa, yana kimdir Rossiya uchun bu kichik davlat Ukraina darajasida ahamiyatga ega emasligini ta’kidlamoqda.
 
Armaniston bilan Ukraina vaziyati qanchalik o‘xshash? Bir tomondan, yetarli farqlar bor, Yerevan hanuz Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining a’zosi, garchi bir necha marta a’zolikni bekor qilish bilan tahdid qilgan bo‘lsa-da. Bundan tashqari, Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaradosh emas va Kremlda Yerevan ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy ta’sir doirasi chegaralangan. Armanistonning Yevropa bilan yaqinlashuvi Moskvaga yoqmasligi mumkin, lekin chegara darajasida xavf keltirib chiqarmaydi.
 
Lekin boshqa tomondan, Rossiya bevosita harbiy bosim o‘rniga boshqa vositalardan foydalana oladi. Jumladan, iqtisodiy bosim, axborot kampaniyalari yoxud diplomatik izolyatsiya tahdidi.
 
2,9 million aholiga ega bu kichkina mamlakat bugun xuddi Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi muhim mintaqadek. Uning tanlovi nafaqat o‘z kelajagini, balki butun Janubiy Kavkaz mintaqasidagi kuch muvozanatini ham belgilaydi.

Ostonada endi Putin

Har bir diplomatik tashrifning o‘z maqsadi, bizdan yashirgan siri bo‘ladi. Vladimir Putin 2026 yil 27 may kuni Qozog‘istonga yetib kelganida ham xuddi shunday maqsad va rejalarga boy edi.
 
Aeroportda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Putinni shaxsan kutib oldi. Bu, albatta, muhim signal, ammo undan ham ko‘proq e’tiborni Qozog‘iston Havo mudofaasi kuchlarining qiruvchi samolyotlari tortdi. Ular Mustaqillik saroyi uzra namoyish parvozini amaga oshirib, osmonda Rossiya bayrog‘i ranglarini tutunli iz orqali hosil qildi.
 
Ikki rahbarning keng formatdagi muzokaralari 28 may kuni bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida naqd 16 ta hujjat imzolandi.
 
Eng e’tiborli va eng muhim bo‘lgan hujjat – **Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha kelishuv** bo‘ldi. Loyihaning 85 foizini Rossiya moliyalashtiradi. Stansiyaning qurilishi 2035–2036 yillarda yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu shunchaki navbatdagi iqtisodiy hamkorlik yoki energetik ittifoq emas, balki bu 10 yillik strategik bog‘lanish deganidir. Shu o‘rinda savol: qaysi mamlakat o‘z energetikasining asosini qo‘shni davlatning pulidan qurishga rozi bo‘lsa, u o‘sha davlat bilan qanchalik «mustaqil» siyosat yurita oladi?
 
Bundan tashqari, imzolangan hujjatlar orasida:
 
* 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan yadroviy va radiatsion xavfsizlik sohasidagi hamkorlik dasturi;
* Neft ishlab chiqarish va energetika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha memorandumlar;
* “Shimol-Janub” va “Yevropa-G‘arbiy Xitoy” tranzit-transport yo‘laklari bo‘yicha hamkorlik;
* “Bayterek” kosmik majmuasidagi “Soyuz-5” raketasini ishlab chiqarish va uchirish bo‘yicha loyiha kabilar mavjud.
 
Va nihoyat, ikkala prezident “Do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik asoslarining yetti ustuni to‘g‘risida” birgalikdagi deklaratsiyani imzoladi.
 
Ikki tomonlama muzokaralardan bir kun o‘tib Ostona yana muhim diplomatik sahnaga aylandi. Oliy Yevroosiyo Iqtisodiy Kengashining navbatdagi sammiti aynan shu yerda bo‘lib o‘tdi. Bu Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) eng yuqori organi bo‘lib, a’zo davlatlar prezidentlaridan iborat va har yili kamida bir marta yig‘iladi.
 
Bu safar tarkib quyidagicha edi. YeOIIning to‘liq a’zolari: Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov. Armanistondan esa Bosh vazir Pashinyan emas, Bosh vazir o‘rinbosari Mher Grigoryan ishtirok etdi. Bu shubhasiz muhim signal bo‘lib xizmat qildi.
 
Kengaytirilgan formatda esa, kuzatuvchi davlatlar rahbarlari ham qatnashdi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Kuba vitse-prezidenti Salvador Valdes Mesa, Eron sanoat, konchilik va savdo vaziri Muhammad Atabak, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev.
 
Tadbir avvalida Toqayev sammitda hisobotlarni e’lon qilib, tashkilot doirasidagi yutuqlarni e’tirof etdi. Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda YeOII ichidagi o‘zaro savdo aylanmasi 95 milliard dollardan oshdi. 2026 yilda esa, 6 foizdan ortiq o‘sish kutilmoqda.
 
Putin ham nutqida birlashmaning asosiy ko‘rsatkichlarini sanab o‘tdi. Yevroosiyo ittifoqida sanoat ishlab chiqarishi 1,6 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsuloti 4,6 foiz, qurilish hajmi 4,2 foiz o‘sganiga alohida urg‘u berildi. Putin sammitda YeOIIning xalqaro obro‘si haqida ham gapirar ekan, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari Assotsiatsiyasi singari yirik mintaqaviy tuzilmalar ham YeOII bilan aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirayotganini aytib o‘tdi.
 
Sammit oxirida muhim hujjatlar paketi imzolandi. Ayniqsa, bojxona qonunchiligiga oid bayonnomalar, qiloq xo‘jaligi hamkorligini moliyalashtirish bo‘yicha qarorlar, Tunis bilan erkin savdo shartnomasi muzokaralarini boshlash to‘g‘risidagi qaror, Serbiya bilan mavjud erkin savdo shartnomasi shartlarini yangilash bo‘yicha qaror kabilar alohida e’tiborga molikdir. Qolaversa, “YeOII doirasida sun’iy intellektni mas’uliyatli rivojlantirish to‘g‘risida” qo‘shma bayonot qabul qilindi.
 
Ostona sammitida O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Ammo O‘zbekiston – kuzatuvchi maqomida. Nima uchun?
 
O‘zbekiston YeOII va uning salaflari bo‘lgan integratsiya tuzilmalariga ikki marta kirish va chiqish jarayonini boshidan kechirgan. Birinchi marta – Islom Karimov davrida, 1993 yil tashkil etilgan Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotidan tortib, 2008 yilda Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatidan chiqib ketdi. Sabab rasmiy tilda “tashkilot O‘zbekiston uchun iqtisodiy afzalliklarni ta’minlamayapti” deb ifodalandi. Ammo tahlilchilarning fikricha, bu Rossiyaning dominant roli va boshqa a’zolar ustidan yashirin ta’sir mexanizmlaridan qochishga urinish bo‘lgan. Ikkinchi marta, ba’zi sabablarga ko‘ra, 2006 yilda Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga qaytib kirdi, ammo 2008 yilda yana chiqdi.
 
Mirziyoyev davrida – 2019 yildan boshlab – O‘zbekiston YeOII bilan kuzatuvchi davlat maqomida munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu safar ham Mirziyoyev sammitda faol ishtirok etdi va amaliy taklif berdi. Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlisida O‘zbekiston Prezidenti YeOII davlatlari bilan to‘siqlarsiz yagona raqamli savdo makonini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
 
Sammit yakunida O‘zbekiston – Qozog‘iston uchrashuvi bo‘ldi. Toqayev va Mirziyoyev huzurida investitsiya va savdo bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. Hujjatda avtomobilsozlik, energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, farmatsevtika, logistika, qurilish materiallari, uy-joy qurilishi va qishloq xo‘jaligi kabi tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Bu kelishuv aprel-may oylarida ikki rahbarning Buxoro va Turkistonda bo‘lgan uchrashuvidagi kelishuvlarning davomidir.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya O'zbekiston Evropa Ittifoqi Qirg'iziston iqtisodiy kengash Armaniston SSSR Markaziy Osiyo Kiev G'arb Sharqiy Evropa Artemis II neft' infratuzilmalari Oliy Evroosiyo xalqaro tinchlik va farovonlik

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing