Yarim yilda O‘zbekistonda YAIM hajmi 7,2 foizga o‘sdi
Jamiyat
−
09 Sentabr 4346 2 daqiqa
O‘zbekistonda birinchi yarim yillikda yalpi ichki mahsulot hajmi 7,2 foizga o‘sdi. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov parlament yig‘ilishida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foiz, bozor xizmatlari 13,3 foiz, qurilish ishlari 10,7 foiz va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish 4,0 foizga oshgan. Asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 273,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga o‘sgan. Shuningdek, aholining real daromadlari ham 9,5 foizga oshgani qayd etildi.
Bildirilishicha, joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 37 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,1 foizga oshgan. Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 103,4 foizga bajarilgani hamda xarajatlar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari 96,8 foizni tashkil qilgani aytildi.
Qayd etilishicha, 2025 yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti daromadlari 144,2 trln so‘mni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga oshgan va deyarli barcha soliq turlari bo‘yicha belgilangan reja ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilgan. Davlat byudjetining xarajatlari esa hisobot davrida 173,3 trln so‘mni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 16,0 foizga o‘sgan.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida ijtimoiy xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 86,2 trln so‘m yoki 2024 yilning mos davriga nisbatan 12,1 trln so‘mga ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu esa jami xarajatlarning 49,8 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, 2025 yilning birinchi yarim yilligida qo‘shilgan qiymat solig‘idan manfiy farqni qoplash uchun soliq to‘lovchilarga 12,1 trln so‘m miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i summalari qaytarilgan. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini “soya”dan chiqarish hamda legallashtirish choralari ko‘rilganligi natijasida hisobot davri yakunida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 230,4 mingtani tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 7,7 mingtaga yoki 3,4 foizga oshgan.
Live
Barchasi