Yerdagi eng keksa jonivorning yoshi ma’lum bo‘ldi (video)
Bu qiziq
−
19 iyun 4369 2 daqiqa
Jonatan ismli 194 yoshli toshbaqa rasman Ginnesning rekordlar kitobi timsoli deb tan olindi. Sayyoraning eng keksa jonivori Napoleonning so‘nggi surgun qilingan joyi – Sent-Yelena orolidan topildi. Bu haqda orol ma’muriyati xabar berdi.
“Dunyodagi eng keksa ma’lum quruqlik jonivori va orolning barchaga sevimli mahalliy turg‘uni bo‘lgan Jonatan rasman Ginnesning rekordlar kitobi timsoli deb e’tirof etildi”, deyiladi xabarda.
Orol hukumati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Jonatan yoshi ancha ulug‘ bo‘lishiga qaramay, ommaviy tadbirlarda ishtirok etishda davom etmoqda.
Uning rasman rekordlar kitobiga kiritilganiga orol gubernatori Nayjel Fillips munosabat bildirgan.
“Ko‘plab avlodlar davomida u orolning o‘zligiga va jamoaviy xotirasiga chuqur ildiz otgan mahalliy timsol hisoblanib kelgan. Global miqyosdagi e’tirof esa jamiyatimiz anchadan beri biladigan haqiqatni aks ettiradi: Jonatan nafaqat o‘z yoshi bilan hayratlanarli jonzot, balki Sent-Yelena oroli va uning xalqi uchun haqiqatan ham o‘ziga xos noyob hodisadir”, deydi u.
Ushbu ulkan toshbaqa “Aldabra gigant toshbaqasi” turiga mansub bo‘lib, ushbu tur vakillari odatda 150 yilgacha umr ko‘radi. Jonatan 1832 yilda tug‘ilgan, 1882 yilda esa Seyshel orollaridan Sent-Yelena oroliga ko‘chirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyaning Sulavesi orolida topilgan to‘rsimon piton Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng uzun ilon sifatida kiritilgandi. Ilonning uzunligi 7,22 metrni tashkil etadi. Uning vazni esa 96,5 kilogrammga teng. Mutaxassislarning aytishicha, ilonning uzunligi taxminan 7,9 metrga ham yetishi mumkin.
Live
Barchasi