Yerevan va Moskva o‘rtasida muammolar bor – Mirzoyan 

Olam

image

Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda ba’zi muammolar mavjud va ularni hal qilish uchun mamlakatlar muloqot olib bormoqda. Bu haqda Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan “Al-Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Armaniston-Rossiya munosabatlari kontekstida ma’lum muammolar va masalalar mavjud. Ha, biz bu masalalar bo‘yicha muloqot qilamiz. Ular orasida to‘liq o‘zaro tushunishni talab qiladigan masalalar ham bor, lekin menimcha, bunday muammolar har tomonlama mavjud”, deydi diplomat.

Armanistonning KXSHTga a’zoligi mavzusiga to‘xtalar ekan, u "tashkilotning ishlash mexanizmlari" zarurligini ta’kidladi. 

“KXSHT harbiy-siyosiy ittifoq bo‘lib, a’zo davlatlar chegaralarini himoya qilishga mo‘ljallangan. Tegishli javobning yo‘qligi arman jamiyatida savollar tug‘dirdi va biz buzilgan mexanizmning bir qismi bo‘lishni xohlamaymiz”, deydi vazir.

Shuningdek, u Yerevanning Ozarbayjon va Turkiya bilan barcha mintaqaviy transport infratuzilmalarini blokdan chiqarishga tayyorligini ma’lum qildi. 

“Biz ishonamizki, agar blokdan chiqarilsa, bu nafaqat mintaqa mamlakatlariga iqtisodiy farovonlik nuqtai nazaridan foyda keltiradi, balki mintaqada tinchlik o‘rnatishning muhim omiliga aylanadi”, deya qo‘shimcha qildi Armaniston TIV rahbari.

Ma’lumot uchun, fevral oyida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat KXSHTdagi ishtirokini amalda muzlatib qo‘yganini aytgan edi. U KXSHT Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaroga munosabatini oydinlashtirmasa, Yerevan tashkilotni tark etishi haqida ogohlantirdi.

9 mart kuni respublika Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan mamlakat rasmiylari so‘nggi yillardagi voqealarni hisobga olib, “yangi imkoniyatlar”, jumladan, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish masalasini muhokama qilayotganini aytdi. Yevroparlament Armaniston bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi va Yevropa Ittifoqini mamlakatga nomzod maqomini berish masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi. Aprel oyida Mirzoyan Minskda bo‘lib o‘tadigan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Armaniston Ararat Mirzoyan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made