Yevropa telekanallarida “Eurovision” o‘rniga Falastin haqidagi filmlar namoyish etiladi

Olam

image

Irlandiya, Ispaniya va Sloveniya milliy teleradiokompaniyalari bu yil “Eurovision” qo‘shiqlar tanlovini efirga uzatmaydi. Ular Isroilning ishtirokini boykot qilmoqda. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.

Sloveniya o‘z milliy ishtirokchisini taqdim etmasligini ma’lum qilganidan so‘ng, mamlakatning RTV teleradiokompaniyasi kecha 23 aprel kuni dunyodagi eng yirik jonli musiqiy tadbirni efirga bermasligini va uning o‘rniga Falastin haqidagi filmlar turkumini namoyish etishini tasdiqlagan.

“Biz “Eurovision” qo‘shiqlar tanlovini namoyish etmaymiz”, degan RTV direktori Kseniya Xorvat “Associated Press” agentligiga bergan intervyusida. 

Uning o‘rniga “Voices of Palestine” nomli filmlar turkumini – hujjatli va badiiy filmlarni efirga uzatishini ma’lum qilgan.

Ispaniyaning RTVE telekanali ham o‘tgan hafta “Eurovision”ni namoyish etmaslik qarorini yana bir bor tasdiqlagandi. Musiqiy shou Ispaniya televideniyesida 1961 yildan beri ilk bor ko‘rsatilmaydigan bo‘lgan. Irlandiyaning RTÉ davlat teleradiokompaniyasi esa, o‘tgan yilning dekabridayoq tanlovni namoyish etmasligi va ishtirok ham etmasligini ma’lum qilgan. Niderlandiya va Islandiya ham o‘tgan yili dekabrda tadbirdan chiqib ketgan, biroq tanlov ularning milliy telekanallari orqali namoyish etiladi.

Sloveniya Bosh vaziri Robert Golob, mart oyidagi saylovda qayta saylangan bo‘lib, Isroilning urushini ochiq tanqid qilib kelmoqda. 2025 yil avgustda uning hukumati G‘arbiy Sohildagi isroillik aholi punktlaridan mahsulot importini taqiqlaganini e’lon qilgan edi.

Ma’lumot uchun, bu yilgi “Eurovision” tanlovi 70 yillik yubileyining shou soni bo‘lib, 35 ta davlat ishtirokida 12–16 may kunlari Avstriya poytaxti Vena shahrida bo‘lib o‘tadi. Boykotga asosiy sabab Yevropa radioeshittirish ittifoqining Isroilga G‘azodagi tajovuzkor harakatlari tanqid qilinganiga qaramay, ishtirok etishga ruxsat bergani bo‘ldi. 

“Musiqa orqali birlashamiz” shiori ostida o‘tadigan “Eurovision” tanlovi odatda siyosatdan uzoq turishga harakat qiladi, ammo global nizolar ta’siridan qocha olmay kelmoqda. Rossiya 2022 yildan beri Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini sabab tanlovdan chetlatilgan. G‘azodagi urush tanlov atrofida noroziliklarni kuchaytirdi, tashkilotchilar esa, maydonlar atrofidagi namoyishlarga javoban siyosiy bayroqlarni ko‘tarishni cheklashga harakat qildi.

Bu yilgi tanlovda hukumatlar va uchinchi tomonlar ovoz beruvchilarga ta’sir ko‘rsatish uchun qo‘shiqlarni targ‘ib qilishini cheklashga qaratilgan yangi qoidalar joriy etiladi. Ayrim davlatlar Isroil may oyidagi tanlovda tomoshabinlar ovoz berishida birinchi o‘rinni olganidan so‘ng, targ‘ibot usullari bo‘yicha xavotir bildirgan edi. Hakamlar ovozlari hisobga olingach esa, u ikkinchi o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo sektorida har kuni Isroil hujumlari oqibatida taxminan 50 nafar ayol va qiz bola halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Evropa Falastin fil'm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing