Yevropa “yonmoqda”. Fransiyada 7 kishi issiqdan halok bo‘ldi

Olam

image

Fransiyada anomal issiqlik yetti kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Bir qator hududlarda harorat rekord darajaga ko‘tarildi, o‘nlab odamlar shifoxonalarga yotqizildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Fransiyada may oyi uchun rekord darajadagi issiq havo kuzatilmoqda va u allaqachon insonlar o‘limiga olib kelgan. Mamlakatda haddan tashqari yuqori harorat tufayli yetti kishi hayotdan ko‘z yumgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, besh kishi suvda cho‘kib ketgan, yana ikki kishi ochiq havoda o‘tkazilayotgan sport tadbiri paytida vafot etgan. Bundan tashqari, 16 kishi shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, ulardan o‘n nafarining ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda.

“Meteo France” milliy meteorologiya agentligining xabar berishicha, kecha, 25 may kuni mamlakat janubi-g‘arbidagi Le-Land departamentida harorat 37,1 darajaga yetgan. Soyada esa havo 36 darajagacha qizigan. Bu kun Fransiyadagi butun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq may kuni bo‘lgan va 1944 yildan beri saqlanib kelayotgan rekordni yangilagan. Mamlakat bo‘ylab 350 dan ortiq meteorologiya stansiyalari yangi harorat maksimumini qayd etgan.

Anomal issiqlik Yevropaning boshqa davlatlariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Buyuk Britaniyada, London janubi-g‘arbidagi Kyu-Gardens hududida harorat 34,8 darajaga ko‘tarilgan va bu ham yilning ushbu davri uchun rekord ko‘rsatkich bo‘lgan.

Ispaniyada sinoptiklar bir qator hududlarda harorat 38-40 darajagacha ko‘tarilishini prognoz qilmoqda. Italiyada esa Latsio regioni rasmiylari ochiq quyosh ostida, jumladan, qurilish maydonchalarida ishlashni allaqachon cheklab qo‘ygan.

Ekspertlarning baholashicha, hozirda Yevropadagi harorat iqlimiy me’yordan 12-13 darajaga yuqori. Mutaxassislar sodir bo‘layotgan bu jarayonni iqlim o‘zgarishi va Marokashdan o‘tgan issiq havo oqimi Yevropa ustidagi yuqori bosim zonasi tufayli to‘silib qolgani, ya’ni “issiqlik gumbazi” hodisasi bilan bog‘lamoqda.

Ekspertlar bu kabi issiqlik to‘lqinlari kelgusida yanada tez-tez takrorlanishi va shiddatliroq tus olishidan ogohlantirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yer sayyorasi eng yirik iqlim falokatiga duch kelishi ehtimoli borligi, xususan, olimlar bundan 150 yil avval o‘n millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan yangi El-Nino siklini kutayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing