Qo‘shiqchilarga soliq, soxta ayollar shantaji — Hafta tahlili

Tahlil

Yovuz, qonxo‘r, vahshiy, yirtqich, shafqatsiz, zolim... Siz bularni shunchaki o‘qiyapsiz. Ammo har kuni minglab begunoh jonlar bu so‘zlarning ma’nosini o‘z tanasida his qiladi. Ular orasida gapira olmaydiganlari, yig‘lolmaydiganlari, yordam so‘ray olmaydiganlari bor. Bugun insoniyatga otilayotgan malomat toshlari bular! Qahrlilar ko‘paydi, shafqatsizlik uyatli bo‘lmay qoldi. Kuchlilar turli maqomlarda o‘zidan ojizroq holda turganlar bilan hisoblashmayapti. Shaxslar emas, hatto davlatlar misolida buni ko‘ryapmiz. Bu malomatlar havoga otilayotgani yo‘q. Ularning aniq manzillari bor. Biri ongsiz hayvonlarni o‘ldirgan onglilar(!) ishlagan mehmonxonaga tushsa, boshqasi erkak tomonidan ayolining ustiga bostirib haydalgan “Tracker”ga tegadi. Insoniylik imtihonidan yiqilganlar afsuski yana muhokama markazida! “Qalampir.uz”da hafta tahlili. 

Hafta davomida bir nechta og‘ir, hamma ham oxirigacha ko‘ra olmaydigan, vahshiylik isi anqib turgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilindi. Ularning biri hayvonlar haqida. Mushuklarni qiynab o‘ldirgan shaxslar ko‘pchilikning nafratiga uchradi. Kuzatuv kameralaridan yozib olingan videoda ikki shaxs alohida vaziyatlarda jonivorlarni tepib, ezg‘ilab, boshlarini yanchishga urinib, hatto ov quroli bilan otib tashlagani aks etgan. 

Videoda ikkita yaratilig‘ning ishini miriqib, kulib videoga olib, tomosha qilishganini anglash mumkin. Agar bu ishni qilganlar boshqa odamlar bo‘lsa, ularni ham qotillik qilganlardan farqi yo‘q! Tarqalgan yana bir videoda esa mushukka tuzoq qo‘yib, uni osilib o‘lishiga sabab bo‘lgan kimsa bu ishini maqtanib chiqqan.

Video muhokamalarga sabab bo‘lgach, rasmiy munosabat bildirildi. Toshkent viloyati Ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring va dastlabki surishtiruvlar davomida ushbu voqea 2025 yilning dekabr oyida Bo‘stonliq tumani “Yangiqo‘rg‘on” mahallasida joylashgan mehmonxonalardan birida sodir bo‘lgani aniqlangan. Shu yil hamda o‘tgan davr mobaynida ichki ishlar organlariga mazkur holat yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan. 

Vaziyat tuzoq qo‘yishgacha borganidan va mehmonxona xodimlarining bu darajadagi agressiyasidan mushuklar binodagi go‘shtnimi yoki boshqa biron narsanimi yeb qo‘ygan, yoki shunga o‘xshash vaziyat yuzaga kelgan deb taxmin qilish mumkin. Hatto, izohlarda ham “bekordan bekorga o‘ldirmaydi” deb hayvon qotillarini oqlashga uringanlar bor! Ammo har qanday vaziyatda ham jonli mavjudotni bu darajada vahshiylarcha o‘ldirilishi oqlanadigan harakat emas. Tushunish kerak, shafqatsizlikda chegara bo‘lmaydi. U faqat shaklini o‘zgartiradi, xolos.

Psixologik nuqtai nazardan, himoyasiz jonzotga nisbatan kuch ishlatish – bu shaxsning agressiyani jilovlay olmasligi va o‘zidan ojizroq bo‘lgan har qanday ob’ektga nisbatan xavf tug‘dirishi mumkinligidan dalolat beradi. Bugun mushukni qiynagan qo‘llar, ertaga jamiyatning boshqa a’zolariga – ayollarga, bolalarga nisbatan ham xuddi shu prinsipda harakatlanishi ilmiy isbotlangan fakt. Biz ushbu holatni shunchaki hayvon huquqlari emas, balki jamiyatning umumiy xavfsizligi va axloqiy immuniteti nuqtai nazaridan tahlil qilishimiz shart. Chunki zo‘ravonlik jazosiz qolgan yoki e’tiborsiz qoldirilgan joyda insoniylik tushunchasi o‘z qiymatini yo‘qotadi. Shu o‘rinda Lev Tolstoyning bir gapini eslatish mumkin: “Hayvonlarni o‘ldirishdan odamlarni o‘ldirishgacha bo‘lgan masofa bor-yo‘g‘i bir qadamdir”.

Berilgan ma’lumotga ko‘ra, mushuklarni o‘ldirganlarning biri 33, qurol ishlatgani esa 30 yoshda. Sud qarori bilan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun ulardan biri 15 sutkaga, qurolning qonunga xilof muomalasi uchun ikkinchisi 10 sutkaga qamalgan. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda turli bloger va faollar bu jazo kam ekanligini aytib, choralarni kuchaytirishni so‘rab murojaatlar bilan chiqdi.

Keng jamoatchilik hayvonlarga qilingan noinsoniy munosabatni qoralayotgan bir paytda Toshkentda kuppa-kunduz kuni erkak “Tracker” rusumli mashinasini sobiq turmush o‘rtog‘i va uning tanishlari ustiga qasddan bostirib haydadi.

26 mart kuni sodir bo‘lgan holatda mashinani 27 yoshli erkak boshqargan. Tarqalgan videolarda ikki kishi jiddiy jarohat olgani ko‘rinadi. Hatto, ulardan biri hushini yo‘qotib, qaltiroq tutgan holda yotgani aks etgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ikki kishi yengil jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Oradan bir oz vaqt o‘tgach esa “tanganing ikkinchi tomoni bor”, deya yana bir video tarqatildi. Unda odamlar ustiga mashinasini haydab borgan shaxs bu ishni qilishidan bir oz avval turmush o‘rtog‘ining tanishi tomonidan kaltaklangani, odamlar ularni ajratib qolgani urg‘ulangan.

Vaziyat yuzasidan olib borilgan surishtiruvlarda esa, erkak turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgani, shundan so‘ng ayol dugonasining ishxonasiga xodim bo‘lib joylashgani, bundan erkakning jahli chiqib, “bolalarimni menga ko‘rsatmayapti”, degan vaj bilan janjal qilavergani, “xotinimni ishdan bo‘shatasan”, deb sobiq ayolining rahbariga qo‘ng‘iroq qilib uni haqorat qilgani kabi ma’lumotlar ochiqlangan. Vaziyat chigallashgach, rahbar ayolning eri ham ziddiyatga aralashgan. Aynan u “Tracker” haydovchisini tortishuv sabab kaltaklagan. Hozirda esa haydovchi ham shifoxonada ekani aytildi.

Bir oiladagi shaxsiy adovat deb baholanayotgan “Tracker” voqeasi aslida jamiyatdagi boshqarilmaydigan agressiyaning bir ko‘rinishi edi. Ammo mas’uliyatsizlik va o‘zganing hayotiga bepisandlik faqat qahrli erkaklar bilan cheklanib qolmayapti. Bu illat endi voyaga yetmaganlar, hali hayotning mas’uliyatini his qilib ulgurmagan o‘smirlar qoniga ham singmoqda. Navbatdagi manzil Samarqand viloyatining Urgut tumani.

22 mart kuni “Chorchinor” mahallasida 11-sinf o‘quvchisi ota-onasining ruxsatisiz “Gentra” ruliga o‘tirgan, instagramdagi ahmoqona fikr egalaridan ruhlanib tezlikni oshirgan va oqibatda 5 yoshli qizchani urib yuborgan.

Bu yerda “dahshat” deb ta’riflash mumkin bo‘lgan yana bir jihat bor. O‘sha o‘smir qizchani urib yuborgach, unga yordam berish, qilmishiga iqror bo‘lish o‘rniga, voqea joyidan qochib ketgan. 17-18 yoshli yigitning ongida “yordam berish” emas, “yashirinish” instinkti g‘olib kelgan. Savol tug‘iladi: 30 yoshli erkaklar hayvonlarni zavq uchun o‘ldirayotgan, 27 yoshli otalar ayoli ustiga mashina haydayotgan jamiyatda 11-sinf bolasidan qanday mardlikni kutish mumkin o‘zi? To‘g‘ri, faqat 10-15 ta odamni deb salkam 40 millionlik jamiyatga baho berish ham adolatli fikr emas. Ammo fojialar darajasi va sabablari juda o‘zgarib borayotgani ham rad qilib bo‘lmas haqiqat. Bugun o‘sha haydovchi topilgan, mashina jarima maydonchasida, jazo qo‘llash bo‘yicha o‘rganish olib borilyapti, qizchaning ahvoli qoniqarli, deyilyapti. Ammo jamiyatning ma’naviy ahvoli qoniqarlimi? Ota-onaning e’tiborsizligi, o‘smirning mas’uliyatsizligi va qonunni mensimaslik birlashgan nuqtada biz yana o‘sha “insoniylik imtihoni”dan yiqilmadikmi?

Shu daqiqagacha biz ko‘rsatgan bu uchta voqea – Bo‘stonliqdagi mushuklar qotili, Toshkentdagi “Tracker” hujumi va Urgutdagi qochoq o‘quvchi – aslida bir zanjirning halqalari. Yechim uchun qonunlar kuchaytirilishi mumkin, lekin odamlarning qalbi qaytadan uyg‘onmas ekan, bu kabi achchiq gaplar, mudhish voqealar va salbiy vaziyat tahlillari davom etaveradi. Hurmatli ota-onalar, siz erkalatib, “ha endi meni davrimda minib qolsin” deb “prava”siz bo‘lsa ham qo‘liga kalit berayotgan bolangiz bola-ku, boshqaning farzandi, jabrlanayotganlar qo‘ziqorinmi? Xulosa qilishingiz uchun yana nechta o‘lim kuzatilishi kerak?

Fojialar va muammolar ro‘yxati shu bilan tugasa edi... Ammo jamiyatimizda yana bir og‘ir “kasallik” bo‘y ko‘rsatyapti. Bu – birovning dardi, oilaviy mojarosi yoki hatto, baxtsiz hodisasi ustidan “xayp” qilish, asossiz shov-shuv ko‘tarish ishtiyoqidir. Axborot tezligi haqiqatdan o‘zib ketayotgan zamonda, “birinchi bo‘lib tarqatish” istagi insoniylik va xolislik tamoyillarini chetga surib qo‘yyapti.
Isbot Navoiy viloyatidagi vaziyat misolida kuzatildi. Er-xotin janjalini noto‘g‘ri talqin qilib, ayolni “o‘ldi”ga chiqargan bloger jarimaga tortildi.

18 mart kuni sodir bo‘lgan bu voqea aslida oilaviy kelishmovchilik bo‘lgan. Ayol o‘z xohishi bilan mashinadan tushib qolgan, hech qanday suiqasd yoki qasddan jarohat yetkazish holati bo‘lmagani aytildi. Ammo ayolning bu holatda yugurib qochishi har qanday odamda salbiy xulosa paydo qilishi ham haqiqat, buni ham aytib o‘tish kerak. Lekin “layk” va “tomosha qilishlar soni ortishi” ilinjidagi bloger vaziyatni aniqlashtirmay, jamoatchilik orasida asossiz mish-mishlarga sabab bo‘lgan videoni tarqatgan, bir oilaning shaxsiy hayotini butun mamlakat muhokamasiga tashlagan.

Sud qarori bilan yolg‘on axborot tarqatgan blogerga BHMning 50 baravari miqdorida, ya’ni salkam 19 million so‘m jarima belgilandi. Jamoat tartibini buzgan er-xotin ham jazosiz qolmadi. Ularning bo‘yniga 1 mln 236 ming so‘m ilindi.

Ko‘ryapsizmi, biz yuqorida tilga olgan vaziyatlarning hammasi jamiyatdagi tartibsizlikning ko‘rinishlari edi. Bloger esa bu tartibsizlikdan “shou” yasamoqchi bo‘ldi. Birovning aybi yo holati bilan ommaning e’tiborini o‘ziga qaratish – bu ham o‘sha biz aytayotgan shafqatsizlikning bir ko‘rinishi aslida! Birida jismoniy jarohat bo‘lsa, ikkinchisida ma’naviy zarba, axborot orqali qilinayotgan zulm bor. Ammo ikkinchi tarafdan “ko‘chada janjallashayotgan, tortishayotganlardan uzoqroq bo‘lishim, bunaqa ishlarga aralashmasligim, o‘zimga baloni sotib olmasligim kerak ekan-da” degan fikr ham shakllanmasligi kerak. Insoniylik befarq bo‘lmaganlar bilan tirik. Shunchaki vaziyatni aniqlash, kerak bo‘lsa yordam berish, ammo odamlarni chalg‘itmaslik kerak!

Ba’zilar uchun ijtimoiy tarmoqlar nafaqat xayp manbai, balki haqiqiy jinoyat quroliga aylanib ulgurgan. Toshkentning Chilonzor tumanida aniqlangan guruh o‘zlarini intim xizmatlarni taklif qiluvchi ayol sifatida tanishtirib, turli yoshdagi erkaklardan pul talab qilgani aniqlandi.

Ko‘z oldingizga keltiring. 2005 yildan 2008 yilgacha tug‘ilgan, hali hayotning ostonasida turgan besh nafar yigit. Ular telegram orqali o‘zlarini ayol sifatida tanishtirib, erkaklarni hech kim yo‘q bo‘lgan uyiga uchrashuvga chorlashgan. Ular “sharmandalik ssenariysi”ni zo‘r tuzishgan. Guruh tashkilotchisi – muqaddam besoqolbozlik bilan sudlangan shaxs o‘z atrofiga sportchi yoshlarni to‘plagan. Maqsad – “o‘lja”larni xonadonga kirishi bilan do‘pposlash, behayo holatda videoga olish va “pedofillik”da ayblab, shantaj qilish bo‘lgan.

Videoni tarqatmaslik va o‘chirish uchun 10 million so‘m so‘rashgan.

16-17 yoshli yosh yigitlar, kuchga to‘lgan, sport bilan shug‘ullangan. Ammo endi ular bu quvvatini sport arenalarida emas, qamoqxona devorlari orasida ishlatishga majbur bo‘lishi mumkin. Birovning obro‘si, oilasi va taqdirini shunchaki 10 million so‘mga baholaganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi, ya’ni tovlamachilik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ho‘-o‘-o‘v, ko‘pni ko‘rganlar bekorga aytmagan: sayoq yurgan baribir bir kun tayoq yeydi. Nopok shaxslar va najas to‘lgan uylar tagidan xursandchilik qidirib yurgan har qanday kimsa bu kabi holat ertaga uning boshiga tushishi mumkinligini esdan chiqarmasin.

Biz bugun jamiyatning eng og‘riqli nuqtalarini, ko‘chada va xonadonlarda sodir bo‘layotgan tartibsizliklarni tahlil qildik. Yana bir muhim ma’lumot, endi tartib faqat ko‘chada emas, sahnada ham bo‘ladi. Prezidentning yangi qarori loyihasiga ko‘ra, endi O‘zbekistonda san’atkor va boshlovchilar har bir to‘y va tantanadan olgan gonorari uchun soliq to‘laydi. “Bir xizmat – bir to‘lov” tamoyili doirasidagi soliq miqdori san’atkorning reytingi va xizmat ko‘rsatilgan joyga bog‘liq bo‘lib, bazaviy hisoblash miqdori bilan o‘lchanadi. 

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab, har bir to‘y, har bir xizmat “Soliq” mobil ilovasida qayd etilishi shart. 2029 yilga borib esa ilovaga biriktirilgan kartadan soliqlar avtomatik undiriladi. E’tibor bering, ma’lumotni yashirish – litsenziyani qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi. Hatto, huquqbuzarlik haqida xabar berganlarga undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot berilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu degani – endi tartibni nafaqat soliqchi, balki butun jamoatchilik nazorat qiladi.

Bugun yuzimizga otilayotgan malomat toshlarini birma-bir ko‘rib chiqdik. Ularning har biri bizga berilgan ogohlantirishdir. Agar bugun uyg‘onmasak, ertaga bu toshlar bizni ko‘mib tashlashi hech gap emas. Xulosa esa har doimgidek o‘zingizga havola. Zero, tahlil bizdan – qaror sizdan. Qalbingizda rahm-shafqat, amalingizda adolat bo‘lsin. Omon bo‘ling!


Maqola muallifi

Teglar

Sud hayvon tahlil Gentra Tracker Mushuk kelishmovchilik shafqatsizlik Yovuz Insoniylik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing