Yo‘llarda sun’iy to‘siq va notekislik yaratish taqiqlanishi mumkin
Jamiyat
−
08 aprel 3644 2 daqiqa
O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siq va notekislik yaratish taqiqlanishi mumkin. Bu haqda Cyenatning kecha, 7 aprel kuni navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilingan yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, qonunda avtomobil yo‘llari sohasida amal qilinishi shart bo‘lgan asosiy prinsiplar aniq belgilab qo‘yilmoqda. Ya’ni, yo‘llar ilmiy hisob-kitoblar asosida loyihalanishi, qarorlar ochiq va shaffof bo‘lishi, eng muhimi, yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanishi, tabiatga zarar yetkazilmasligi hamda har bir fuqaro yo‘llardan teng va qulay foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.
Qonunda muhim yangilik sifatida avtomobil yo‘llari bepul yoki belgilangan tartibda pulli bo‘lishi mumkinligi mustahkamlanmoqda. Qonunga muvofiq avtomobil yo‘llari sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi belgilanmoqda.
Shuningdek, hujjatda yo‘l harakati xavfsizligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanmoqda, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi esa faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Qonunda pulli yo‘llarni tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirish, to‘lovlarni avtomatlashtirilgan tarzda undirish, foydalanuvchi va operator o‘rtasidagi ommaviy shartnoma kabi munosabatlar tartibga solinmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatda yo‘l infratuzilmasi rivojlanishiga, harakat tezligi ortib, tirbandliklar kamayishiga, yo‘l-transport hodisalari soni qisqarishiga zamin yaratadi.
Senatorlar qonunni ma’qullagan.
Live
Barchasi