Zaharli havo O‘zbekistonda uzoqroq muddat saqlanib qolishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekiston atmosferasida yuqori bosimli maydon kelgusi 10 kun davomida saqlanib turishi prognoz qilinmoqda. Bu esa tutun va mayda zarrachalar (PM) konsentratsiyasining oshishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq antitsiklon ta’siri joriy yilning 5 dekabriga qadar saqlanib turadi. Bugun, 29 noyabrdan boshlab sovuq antitsiklon ta’siri yanada kuchayishi kutilmoqda, bu esa atmosfera bosimining ko‘tarilishiga va havo haroratining pasayishiga olib keladi, ya’ni kechalari sovuq, kunduzi kuchsiz iliq kuzatiladi. Sovuq antitsiklonga xos bo‘lgan ertalabki tuman bo‘lishi mumkin.

Yuqori bosimli maydon kelgusi 10 kun davomida saqlanib turishi prognoz qilinmoqda. O‘zgidromet bungacha inversiya 29 noyabrgacha davom etishi haqida xabar bergan. Biroq sinoptik tahlillarga ko‘ra, sovuq antisiklon davom etishi fonida inversiya hodisalari kutilganidan uzoqroq davom etadi.

“Uzoq muddatli inversiya chang, tutun va mayda zarrachalar (PM) konsentratsiyasining oshishiga, shuningdek, quyuq tuman xodisalari sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Infografikalardagi 28 noyabrdan keyingi ma’lumotlar prognoz xususiyatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Toshkent shahri havosi tarkibida zararli PM2,5 zarrachlari ortib ketdi. Buning ortidan poytaxtda bir qator choralar ko‘rilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi va ushbu hujjatga muvofiq poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Mamlakatdagi bir qancha korxonalar faoliyati to‘xtatildi. Xususan, “ׅMaxam Chirchiq” korxonasi, shuningdek, Navoiy viloyatida atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi hamda ekologik ekspertiza xulosasiga ega bo‘lmagan 20 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida faoliyat yurituvchi yana 10 ta issiqxona yopildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zgidromet inversiya sovuq antisiklon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing