“Zapravka”dagi portlashda halok bo‘lganlarning oilasiga 100 mln so‘mdan berildi
3-sahifa
−
19 iyul 12341 2 daqiqa
Joriy yilning 16 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan va buning oqibatida 4 kishi vafot etgandi. Ushbu halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga 100 mln so‘mdan kompensatsiya to‘lab berildi. Bu haqda Ko‘kdala tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Oltin dala” MFYda joylashgan aholiga gaz tarqatish shohobchasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolarga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kompensatsiya ajratilgan.
Jumladan, yong‘inda halok bo‘lgan fuqarolarning oilalariga 100 mln so‘mdan, yong‘inda jarohatlangan va ayni damda davolanishda bo‘lgan fuqarolarga esa 50 mln so‘mdan naqd pul ko‘rinishda kompensatsiya to‘lab berilgan.
Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar tuman hokimi hamda hokimlik mas’ullari ishtirokida fuqarolarning xonadonlari va davolanish joylariga olib borib berilgan.
“Bundan tashqari, jarohatlangan fuqarolar to‘liq tuzalib ketgunga qadar malakali shifokorlar ularga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Ularning davolanish va dori-darmon xarajatlari ham to‘liq davlat tomonidan qoplab beriladi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ko‘kdala tumanida sodir bo‘lgan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259- (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Live
Barchasi