“Zapravka”larda metan narxi oshdi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan gaz narxi 5200 so‘mgacha oshdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari xabar berdi. QALAMPIR.UZ manbasi ham buni tasdiqladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bugun, 1 maydan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan gaz narxi 5200 so‘mgacha oshgani haqida xabarlar tarqaldi. Shu paytgacha hududga qarab 1 kub metr uchun 3900 so‘mdan 4250 so‘mgacha sotilgan metan narxining oshishi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 aprel kuni qabul qilingan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan bog‘liq.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda joriy yil 1 apreldan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirilishi kerak edi. Xususan, gaz quyish shoxobchalari uchun tabiiy gaz narxi 1 kub metr uchun 1800 so‘mdan 2500 so‘mgacha (+38,9 foiz) ko‘tarilishi nazarda tutilgandi. Biroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga elektr energiyasi va gaz bo‘yicha yangi tariflarning kuchga kirish muddatini 1 maygacha kechiktirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shu bilan bugun, 1 maydan boshlab O‘zbekistondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan narxi hududlarga qarab, 5000 so‘mdan 5200 so‘mgacha oshdi.

Tabiiy gaz narxining ko‘tarilishi propanning ham birjadagi narxiga ta’sir qilib, u so‘nggi oy davomida qariyb 15 foizga yuqoriladi.

Qayd etish joiz, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil sentyabrda qabul qilingan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 6 oy davomida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan gaz narxi 3250 so‘mdan oshib ketmasligi belgilangandi. Ushbu davr tugashi munosabati bilan 2024 yil 1 apreldan bir kub metr uchun maksimal narx 3250 so‘mdan 3350 so‘mgacha oshirilib, imtiyozli davr yana ikki oyga uzaytirildi. 1 iyundan esa eng baland narxi 3750 so‘m etib belgilanib, uning amal qilish muddati 31 iyulgacha o‘zgartirildi.


Maqola muallifi

Teglar

tabiiy gaz metan propan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing