Zelenskiy “Chelsi”dan tushgan pullarni harbiy maqsadda ishlatmoqchi

Sport

image

Ukraina rossiyalik oligarx Roman Abramovichga tegishli bo‘lgan Angliyaning “Chelsi” futbol klubi sotilishidan tushgan 2,4 milliard funt sterling (taxminan 3,34 milliard dollar) mablag‘ni nafaqat gumanitar, balki harbiy maqsadlarda ham ishlatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “The Guardian” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

Uning aytishicha, u Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashuvda ushbu mablag‘lardan foydalanish masalasini ko‘targan. Biroq bu masala yuzasidan Buyuk Britaniya bilan hali yakuniy kelishuvga erishilmagan.

Hozirda Britaniya hukumati “Chelsi” klubi sotilishidan tushgan mablag‘ni Ukrainadagi gumanitar ehtiyojlar uchun yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Biroq Zelenskiy bu mablag‘larni harbiy yo‘nalishga, xususan, havo mudofaa tizimlarini xarid qilishga sarflashni taklif qilgan.

Uning aytishicha, ushbu mablag‘lar Ukraina energetika infratuzilmasiga qilingan raketa hujumlariga qarshi himoyani kuchaytirish, shuningdek, AQSHdan qo‘shimcha havo mudofaa tizimlarini sotib olish imkonini beradi va mamlakatning raketaga qarshi salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.

Shuningdek, Zelenskiy yaqinda Kiyevda Roman Abramovich bilan uchrashuv o‘tkazganini va unga “Bizga sizning pulingiz kerak”, deganini ham aytgan.

Ma’lumot uchun, 59 yoshli rossiyalik milliarder Roman Abramovich Angliyaning “Chelsi” futbol klubini 2003 yilda taxminan 140 million funt sterling evaziga sotib olgan. 2022 yilda Ukrainadagi urush ortidan Buyuk Britaniya hukumati tomonidan rossiyalik tadbirkorlarga qarshi sanksiyalar joriy etilgach, 2022 yil may oyida Abramovich “Chelsi”ni amerikalik tadbirkor Todd Boeli boshchiligidagi investorlar konsorsiumiga 4,25 milliard funt sterlingga sotgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vladimir Zelenskiy Roman Abramovich “Chelsi”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing