Zeromax va Gulnora Karimova. Shveysariya sudi asr bankrotligi sirlarini ochib berdi
Jamiyat
−
14 noyabr 22535 3 daqiqa
Shveysariyada Zeromax kreditorining Ernst & Young auditorlik kompaniyasiga qarshi da’vosi davom etmoqda. Federal Oliy sudi EY kompaniyasining Shveysariyadagi filialiga Zeromax auditiga oid hujjatlarni taqdim etishni buyurdi. Ushbu qaror milliardlab jarimaga olib kelishi va kompaniyaning obro‘siga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Ish besh yildan beri davom etmoqda. Auditor shubhali bitimlarga ko‘z yumib, ijobiy hisobotlar berib, Zeromax’ning moliyaviy ahvoli to‘g‘risida kreditorlarni chalg‘itishga yordam berganlikda ayblanmoqda.
“Tippinpoint” nashrining yozishicha, sud EY Schweiz’ga keng doiradagi hujjatlarni oshkor qilishni buyurgan, jurnalistlar buni “o‘zbek “malikasi” Gulnora Karimova atrofidagi moliyaviy trillerning yangi sahifasi” deb atagan.
1999 yilda Delaver shtatida (AQSH) tashkil etilgan Zeromax konglomerati O‘zbekistonda o‘nlab sanoat tarmoqlarida aktivlarga ega bo‘lib, 2010 yilda to‘satdan bankrot deb e’lon qilindi va aktivlari 2,56 milliard dollar hamda majburiyatlari 4,12 milliard dollarni tashkil qildi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, uning haqiqiy aktivlari atigi 6,66 million Shveysariya frankini tashkil etgan, 191 kreditorning umumiy talablari esa 5,6 milliard Shveysariya frankidan oshgan. Bu Shveysariya tarixidagi ikkinchi yirik bankrotlik bo‘ldi.
Kreditorlar orasida Germaniyaning kichik firmalari va kommunal xizmatlaridan tortib, O‘zbekiston neft va gaz kompaniyalari va Rossiya quvurlari konsorsiumigacha bor. Ular orasida hattoki Zeromax’ning 22,7 million frank qarzi bo‘lgan sobiq “Bunyodkor” yulduzi Rivaldo ham bor.
2019 yilda Amerikaning Lion Point Capital to‘siq fondi Zeromax’dan qarzlarni undirish huquqini qo‘lga kiritdi va auditorni beparvolikda ayblab, EY Schweiz’ni sudga berdi.
“Financial Times” ma’lumotlariga ko‘ra, Zeromax’ning bankrot bo‘lishidan oldingi yillardagi xarajatlari biznes bilan bog‘liq emas edi. 2006-2007 yillarda kompaniya hashamatli tovarlarga 13 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan, shundan 2 million dollari Jenevada Christian Dior butikiga ketgan. 2008-2009 yillarda u zargarlik buyumlariga yana 25 million dollar, shu jumladan Graff Diamonds’da 6 million dollar sarfladi.
Ommaviy axborot vositalari Zeromax’ni Gulnora Karimova bilan bog‘laydi, lekin u buni rad etgan. Biroq, u kompaniya tomonidan sotib olingan zargarlik buyumlarining kamida bir qismini ishlatgani haqida dalillar mavjud. 2016 yilda Shveysariya politsiyasi sud qaroriga binoan Karimovaning Jenevadagi Lombard Odier bankidagi seyflarida tintuv o‘tkazgan, u yerda zargarlik buyumlari, jumladan, qiymati 2,5 million dollarlik Boucheron brilliant uzuklari topilgan. Tergovchilar uni Zeromax to‘laganini aniqladi.
“Financial Times” tomonidan ko‘rib chiqilgan politsiya hujjatlariga ko‘ra, zargarlik buyumlarining sobiq egasi xaridor Gulnora Karimovaning o‘zi ekani va xarid uchun mablag‘ Zeromax bilan bog‘liq bank hisobvarag‘idan kelganini da’vo qilgan.
Ushbu faktlarga qaramay, EY Schweiz kompaniyaga “toza” audit hisobotlarini taqdim etdi. 2007 yildan 2010 yilgacha u Zeromax auditori bo‘lib qoldi, lekin hisobotlarni nashr etishni to‘xtatdi.
Quinn Emanuel advokatlik firmasi sudda kreditorlarni himoya qilib, Ernst & Young’dan 1 milliard dollar tovon talab qilmoqda. Federal sud auditorning shikoyatini rad etib, unga Zeromax bilan bog‘liq barcha hujjatlarni oshkor qilishni, 25 ming frank sud xarajatlarini to‘lashni va da’vogarlarga 30 ming frank tovon to‘lashni buyurdi.
Auditorlik kompaniyasi sud qarorini bajarishini tasdiqladi. Huquqiy ekspertlarning ta’kidlashicha, bu holat Shveysariya uchun auditorlik javobgarligi bo‘yicha muhim pretsedent bo‘lishi mumkin.
Live
Barchasi