Jahon chempionatida hakamlar qancha maosh oladi?
Sport
−
10:33 1231 2 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionatida ishlaydigan har bir bosh hakam 100 ming dollardan gonorar oladi. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan mundialda faoliyat yuritadigan bosh hakamlar uchun belgilangan to‘lov miqdori 2014 yil Braziliyada o‘tgan Jahon chempionatida to‘langan mablag‘dan qariyb ikki barobar ko‘paygan.
Mundialga jalb qilingan har bir bosh hakam uchun 100 ming dollar miqdorida kafolatlangan gonorar belgilangan. Yordamchi (qanot) hakamlar esa musobaqada ishtirok etgani uchun 25 ming dollardan oladi.
Bundan tashqari, har bir o‘yin uchun alohida haq to‘lanadi. Bosh hakamlar guruh bosqichida boshqargan har bir uchrashuv uchun 3 mingdan 5 ming dollargacha, pley-off bosqichida esa 10 ming dollardan haq oladi.
Yordamchi hakamlar va to‘rtinchi rasmiylar uchun guruh bosqichidagi har bir uchrashuv 2,5 ming dollarga baholangan bo‘lsa, pley-off bosqichida bu ko‘rsatkich 5 ming dollargacha oshadi.
VAR hakamlari ham guruh bosqichida har bir o‘yin uchun 3 ming dollar, pley-off bosqichida esa 5 ming dollardan haq oladi.
Eng katta daromad esa, mundial finalini boshqaradigan hakamlarga nasib etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, final uchrashuviga tayinlangan bosh hakam bazaviy gonorar, o‘yin bonuslari va boshqa to‘lovlarni qo‘shib hisoblaganda, birgina turnirning o‘zida 250 mingdan 300 ming dollargacha mablag‘ ishlab topishi mumkin.
Maoshlarning ko‘tarilishiga, shuningdek, kengaytirilgan format tufayli hakamlar yuklamasining ortishi ham sabab bo‘lgan.
2026 yilgi Jahon chempionatida jami 52 nafar bosh hakam, 88 nafar yordamchi hakam va 30 nafar VAR hakami ishlaydi. Ularning faoliyati bir necha yil davomida kuzatib boriladi va turnir boshlanganidan keyin deyarli har bir o‘yindan so‘ng tahlil qilinadi.
Jahon chempionatida o‘zbekistonlik hakamlardan Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasi faoliyat olib boradi.
Ma’lumot uchun, Jahon chempionatining ochilish o‘yini bugun, 11 iyun kuni Mexikodagi mashhur “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Final bahsi esa 19 iyul kuni Nyu-Jersidagi “MetLayf” stadionida tashkil etiladi. Uchinchi o‘rin uchun bahs Mayami shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi