Jiddiy kamchilik: O‘zbekiston yo‘llaridagi kameralar internetda ochiq qolib ketgan – OAV
Jamiyat
−
24 dekabr 2025 9769 3 daqiqa
Butun O‘zbekiston bo‘ylab yo‘llardagi qoidabuzarliklarini aniqlaydigan yuqori aniqlikdagi kameralar internetda ochiq qolgan. Bu haqda AQSHning “TechCrunch” nashri maqola e’lon qildi.
Ushbu tizim uzluksiz ravishda avtomobillarning davlat raqamlari va ularning ichidagi odamlarni skanerlab boradi va ehtimoliy yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlaydi. Masalan, qizil chiroqda o‘tish, haydovchining xavfsizlik kamarini taqmagani yoki litsenziyasiz transport vositasining tunda harakatlanishi va hokazo.
Nashrning yozishicha, ushbu tizimda eng ko‘p kuzatilgan avtomobillardan birining haydovchisi olti oy davomida Chirchiq shahridan poytaxt Toshkent orqali, shuningdek, yaqinidagi Eshonguzar aholi punktigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda harakatlangani qayd etilgan – ko‘pincha haftasiga bir necha bor.
“Buni bilishimizning sababi shundaki, mamlakat bo‘ylab yoyilgan davlat raqamlarini kuzatish tizimi internetda ochiq holda qolib ketgan”, deb yozadi nashr.

Ushbu jiddiy kamchilikni xavfsizlik bo‘yicha tadqiqotchi Anurag Sen aniqlagan. Unga ko‘ra, davlat raqamlarini kuzatish tizimi parolsiz holda internetga ulangan bo‘lib, istalgan kishi undagi ma’lumotlarga kirish imkoniga ega. Tizim qancha vaqt davomida ommaga ochiq bo‘lib turgani aniq emas, biroq tizimdagi ayrim ma’lumotlar bazasi 2024 yil sentyabr oyida yaratilganini, yo‘l harakatini monitoring qilish esa 2025 yil o‘rtalarida boshlanganini ko‘rsatadi.
Mazkur ochiqlik milliy miqyosdagi davlat raqamlarini kuzatish tizimlari qanday ishlashi, ular qanday ma’lumotlarni yig‘ishi va millionlab odamlarning mamlakat bo‘ylab harakatini qanday qilib kuzatish mumkinligini kamdan-kam uchraydigan darajada yaqqol ko‘rsatib beradi.
Senning aytishicha, u O‘zbekistondagi ushbu ochiq kuzatuv tizimini shu oy boshida aniqlagan va xavfsizlikdagi kamchilik tafsilotlarini “TechCrunch” bilan bo‘lishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tizim ma’lumotlar bazasida kameralar joylashgan real manzillar, shuningdek, millionlab fotosuratlar va yo‘ldan o‘tayotgan avtomobillarning videoyozuvlari mavjud.

Tizim o‘zini Xitoyning Shenchjen shahrida joylashgan, internetga ulangan yo‘l harakati texnologiyalari, chegara nazorati tizimlari va kuzatuv mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Maxvision kompaniyasining “aqlli transport boshqaruvi tizimi” sifatida ta’riflaydi. Kompaniyaning LinkedIn’dagi videosida kameralar “qoidabuzarlikning butun jarayonini qayd etishi” va “noqonuniy hamda o‘tib ketayotgan transport haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida ko‘rsatishi” mumkinligi aytiladi.
Maxvision’ning broshyurasiga ko‘ra, kompaniya o‘zining xavfsizlik va kuzatuv texnologiyalarini Burkina-Faso, Quvayt, Ummon, Meksika, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston kabi davlatlarga eksport qiladi.
“TechCrunch” tomonidan ochiq qolgan tizim ichidagi ma’lumotlar tahlil qilinganda, O‘zbekistonning yirik shaharlarida, shuningdek, muhim chorrahalar va asosiy transport yo‘nalishlarida joylashgan kamida yuzta kamera aniqlangan.
Kameralarning GPS koordinatalari xaritaga tushirilganda Toshkentda, Jizzax va Qarshi shaharlarida, shuningdek, Namanganda davlat raqamlarini o‘qiydigan kameralar majmualari mavjudligi ma’lum bo‘lgan. Ayrim kameralar qishloq hududlarida ham joylashgan bo‘lib, masalan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ilgari bahsli bo‘lgan chegara hududlari yaqinidagi yo‘llarda o‘rnatilgan.

Mamlakatning eng yirik shahri Toshkentda bunday kameralar o‘ndan ortiq joylarda uchraydi. Ularning ayrimlarini hatto Google Street View xizmatida ham ko‘rish mumkin.


Internetga ochiq qolgan tizimning veb-interfeysi orqali operatorlar yo‘l qoidabuzarliklari tasvirlarini ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan boshqaruv paneliga kirish imkoniga ega. Ushbu panelda qoidabuzarliklarning yaqinlashtirilgan suratlari, “xom” videoyozuvlar hamda atrofdagi boshqa avtomobillar aks etgan tasvirlar mavjud.
Tizim Toshkentdagi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan boshqariladi. Ushbu idora dekabr oyida xavfsizlikdagi kamchilik yuzasidan yuborilgan so‘rovlarga javob bermagan.
Shuningdek, O‘zbekiston hukumatining Vashington va Nyu-Yorkdagi vakillari ham “TechCrunch”ning mazkur ochiqlik haqidagi elektron xatlariga javob bermagan. O‘zbekistondagi Kiberxavfsizlik hodisalariga chora ko‘rish markazi – UZCERT esa tizim bo‘yicha yuborilgan ogohlantirishga faqat avtomatik javob qaytarib, xat qabul qilinganini tasdiqlagan, xolos.
“Mazkur kuzatuv tizimi ushbu material yozilayotgan paytda hamon internetga ochiq holda qolmoqda”, deyiladi maqolada.
Live
Barchasi