Jizzaxda AES ishchilari uchun shaharcha quriladi
Jamiyat
−
02 dekabr 3518 3 daqiqa
Jizzaxdagi bo‘lajak atom elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun 10 ming kishilik monoshaharcha quriladi. Bu haqda bugun, 2 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrif chog‘ida aytildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari dastlab zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan. Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash maqsadida qariyb 290 milliard so‘m hisobidan 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurilgan. Yangi yo‘l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Shu paytgacha mazkur yo‘nalishdan aholi shaharga kirish-chiqish uchun 25 kilometrlik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur bo‘lgan. Yangi inshoot tufayli bu masofa 4 kilometrgacha qisqargan, eski yo‘ldagi tirbandliklar bartaraf etilgan. Bu haydovchilar, tadbirkorlar, logistika va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. An’anaviy temir-beton o‘tkazgichlar odatda 50 yil xizmat qiladi. Demak, xizmat muddati ikki barobarga uzaygan.
Bildirilishicha, loyihaning yana bir muhim jihati – ilgari yo‘lovchi va yuk poyezdlar o‘tgan paytda avtomobillar temir yo‘l kesishmasida to‘xtab qolishga majbur bo‘lgan, endilikda esa yo‘lo‘tkazgich qurilgani tufayli tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va boshqa maxsus xizmatlarning harakati ancha yengillashadi.
Shu yerning o‘zida davlat rahbariga atom energetikasi loyihalarining borishi to‘g‘risida axborot berilgan.
Ayni paytda Jizzax viloyatida integratsiyalashgan ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasini barpo etish boshlangan. Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgan. Qurilish-montaj bazasi uchun yer tekislash, betonlash, armatura o‘rnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar joy majmuasi barpo etilgan.
Atom elektr stansiyasi uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliygohlarda soha uchun kadrlar tayyorlashni kengaytirish rejalari taqdimot qilingan.
“Bo‘lajak elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan, 10 ming kishiga mo‘ljallangan bo‘ladi, unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ko‘zda tutiladi”, deyiladi xabarda.
Prezident Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishgan.
Renovatsiya dasturi asosida Jizzaxda eski uy-joylar o‘rnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turarjoylar barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, IT-markaz binosini barpo etish, hunarmandchilik markazini tashkil etish, ayrim mavjud majmualarni rekonstruksiya qilish hamda gavjum ko‘chalarni tartibga keltirish kabi loyihalar bilan tanishilgan.
“Jizzaxga kelishimizdan maqsad – viloyatni yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash va ro‘yobga chiqarish. Bugungi Jizzax – kechagi Jizzax emas. Viloyatning salohiyati, imkoniyati karrasiga oshdi, odamlarning hayotga, ishga munosabati tubdan o‘zgardi. Shu imkoniyatlarni aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan aniq loyihalarga aylantirishimiz kerak, deydi Prezident.
Taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilgan.
Live
Barchasi