Jodugarlar davri: Shotlandiya va Yevropani qamrab olgan qo‘rquv to‘lqini

Bu qiziq

image

“Merlin”, “Iztopar”, “Jodugar ovchilari”, “So‘nggi jodugar ovchisi” kabi kino va seriallar o‘zbek tomoshabinlariga yaxshi tanish va hatto sevimlisiga aylangan. Lekin bu filmlarga asos bo‘lgan g‘oya real hayotda ham qachonlardir ro‘y bergani haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Ha, mazkur filmlar uchun g‘oya tug‘ilishiga sabab bo‘lgan voqealar reallikda rostdan mavjud edi: mazkur filmlar jodugarlardan qo‘rquv, ularga qarshi kurash va ular haqidagi afsonalar asosida syujetlashtirilgan.

1590 yillarda Shotlandiya Qiroli Jeyms VI ning jodugarlikdan qo‘rquvi turli vahimalar qo‘zg‘ata boshladi, oqibatda minglab odamlar qiynoqqa solinib, o‘ldirildi. 1500 yillarning oxirida shotlandiyaliklar jin (shayton) mamlakatda mavjud ekaniga ishonar edi. Mahalliy aholi ularning bo‘ronlar chaqirish, chorvalarni o‘ldirish va o‘limga olib keluvchi kasalliklarni tarqatish qobiliyati haqida gapirar edi. Odamlar shaytonning insoniyat jamiyatini ichkaridan yemirib tashlashga urinishi va o‘z buyrug‘ini bajaradigan maxfiy agentlarni yollashiga ishonardi. Bu agentlar jodugarlar edi va hokimiyat ularni qirollik manfaatlari yo‘lida yo‘q qilish zarur, deb hisoblardi.

Shotlandiya jodugarlik vasvasasiga tushib qolgan yagona mamlakat emasdi: o‘sha paytda Yevropada “jodugarlar shaytonga sig‘inadi” degan, g‘oya keng tarqalib, jodugar ovlari ko‘paygandi. Diniy islohot davrida hukmdorlar o‘zlarining dindorligini isbotlashni istar edi. Ular buni nopoklik va yovuzlikni targ‘ib qiluvchi jodugarlarni yo‘q qilish bilan ko‘rsatishga harakat qilgan.

Son jihatidan Shotlandiyadagi jodugar ovlari juda og‘ir kechgan. 1590 yildan 1662 yilgacha 5 ta kuchli vahima to‘lqini yuz bergan va taxminan bir million aholiga ega mamlakatda, asosan, ayollardan iborat taxminan 2 500 kishi jodugarlikda ayblanib qatl etilgan. Bu Yevropaning boshqa hududlarida qatl etilgan jodugarlar sonidan besh baravar yuqori. Shotlandiyaning jodugarlik haqidagi vahimaga moyilligi asosan, bir shaxs – Qirol Jeyms VI bilan bog‘liq edi. U Angliya qirolichasi Yelizaveta I vorissiz vafot etganidan so‘ng, qarindoshlik tufayli 1603 yilda Angliya qiroliga aylangan va Jeyms I deb atala boshlangan.

Qirolning kitobi

Shotlandiya parlamenti 1563 yilda, Jeyms tug‘ilishidan ham oldin jodugarlik bilan shug‘ullanganlik uchun o‘lim jazosi belgilangan qonunni qabul qilgan. Oradan 30 yil o‘tib esa dastlabki yirik vahima to‘lqini boshlandi: o‘shanda Qirol Jeyms o‘zi va daniyalik kelini Anna dengizdagi sayohati davomida bo‘ronga duch kelib, bu ish ortida jodugarlar turganiga ishongandi.

Geylis Dunkan ismli ayol eng birinchilardan bo‘lib ayblandi. 1590 yil oxirida u xo‘jayini Devid Seton tomonidan qiynoqqa solingan va “bir necha sheriklari” ismini aytishga majburlangan. Keyinchalik Dunkan o‘z iqroridan voz kechdi, ammo bunga qadar vahima allaqachon keng tarqalgan edi. 1591 yilda Qirol Jeyms jodugarlikda ayblanayotgan Agnes Sempson ismli ayolning dahshatli iqroridan so‘ng jodugarlar ustidan sud jarayonlarini boshlab yubordi. Ayolga ko‘ra, 1590 yilning Xellouin kechasida jami 200 nafar jodugar qirg‘oqdagi Nort-Bervik shaharchasidagi cherkovda yig‘ilgan. U yerda shayton va’z qilgan va qirolni yo‘q qilishni rejalashtirishga undagan. Bu ko‘rsatmalar qiynoqlar ostida olinganiga qaramay, qirol va uning maslahatchilari jodugarlar fitnasi qirol hukmronligiga tahdid solmoqda, degan fikrga keldi. Dunkan va Sempson dastlabki to‘lqinda o‘ldirilgan ko‘plab ayblanuvchilardan ikki nafari edi, xolos. 

Olti yil o‘tgach, yana bir vahima to‘lqini yuz berdi: jodugarlar yana shaxsan Qirol Jeymsga qarshi fitna uyushtirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. “Balverining buyuk jodugari” deb atalgan Margaret Atkin ismli ayol boshqa jodugarlarni aniqlay oladigan qudratga ega ekanini da’vo qildi va uning so‘ziga asoslanib, ko‘plab odamlar o‘limga hukm qilindi. Ushbu to‘lqin Atkinning soxta ekani fosh etilgach, to‘xtadi. Bu voqea jodugar ovchilarini nihoyatda sharmandalikda qoldirdi va o‘sha yili Qirol Jeyms o‘zining qilmishlarini qisman oqlash maqsadida “Demonologiya” nomli risolasini chop ettirdi.

XVI asrda jodugarlik ilmiy qiziqish uyg‘otgan mavzu edi va qirolning bu kitobi u o‘zini ziyoli inson sifatida ko‘rganini bildiradi. “Demonologiya” shayton dunyoda qanday faoliyat yuritishini tushuntiradi. Jeymsning kitobiga ko‘ra, jodugarlik – odamlar va jinlar o‘rtasidagi maxfiy fitna bo‘lib, ular qo‘llaridan kelganicha yovuzlik qilishga urinadi.

Jeyms Angliya taxtiga o‘tirgach, u yangi diniy dushman – jangovar katoliklar bilan to‘qnash keldi. 1605 yilda katoliklarning parlamentni portlatib, qirolni o‘ldirishga qilgan harakatidan so‘ng, Jeyms jodugar ovlaridan voz kechib, e’tiborini siyosiy fitnalarni yo‘q qilishga qaratdi. Qirol Jeymsning diqqat markazi o‘zgarganiga qaramay, jodugarlik haqidagi g‘oyalar Shotlandiya jamiyatiga singib ketgandi: jodugar ovlari nafaqat milliy, balki mahalliy masalaga aylandi. Jodugarlarni yo‘q qilish uchun amaliy choralar asosan shotland jamiyatining mahalliy yetakchilari tomonidan amalga oshirilgan.

Ayblanuvchilar

“Katta yoshli janjalkash ayol”lar jodugarlikda eng ko‘p ayblangan toifa edi. Dastlabki gumonlanuvchilar qo‘shnilari tomonidan sehr ishlatganlikda ayblangan shaxslar bo‘lgan. Bora-bora gumondor ayollar shayton bilan bitim tuzishda ayblandi. Bu odatda “shayton bilan jinsiy munosabat”ni anglatgan. Erkaklarga qo‘yilgan kam sonli ayblovlarda esa jinsiy element tilga olinmagan. Erkak kishi jodugarlikda ayblanishi uchun juda noodatiy ish qilgan bo‘lishi kerak edi. Natijada, hukm qilingan jodugarlarning 85 foizi ayollar bo‘lgan.

Qiynoq orqali olingan iqrorlar

Jodugar ovchilari “dalillar”ni qiynoq orqali qo‘lga kiritgan. Ayblanuvchilardan “hamkorlari” ismlarini aytish talab etilgan va nomi tilga olingan odamlar hibsga olinib, shayton bilan bitim tuzganliklarini tan olishga majbur qilingan.

Ba’zi ko‘rsatmalar fantastik unsurlarni o‘z ichiga olib, g‘ayrioddiy va xayoliy uydurmalar haqida hikoya qilgan. Masalan, 1644 yilda “Margaret Uotson ishi” quyidagi hayratlanarli tafsilotlarni o‘z ichiga olgan edi:

“Sen tan oldingki ... sen va boshqa jodugarlar o‘liklar jasadlarini qazib olib, ularning a’zolaridan o‘z shaytoniy niyatlaringizni amalga oshirish uchun foydalangansiz, yig‘inlarda Xudoning nomini haqorat qilgansiz, ichimlik ichib, raqsga tushgansiz, Molli Patterson mushuk ustida uchgan, Janet Lokkay xo‘roz ustida uchgan, Margaret Uotson boychechak daraxtida uchgan, o‘zing esa somon dastasida uchgansan, Jan Laklan esa keksa daraxtda uchgan”.

Eng keng tarqalgan qiynoq turi uyqusizlik orqali qiynash edi. Taxminan uch kun uxlamaslikdan so‘ng, gumonlanuvchi nafaqat so‘roqchilarga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini yo‘qotar, balki gallyutsinatsiyani ham boshdan kechirar edi. Natijada ular xo‘roz ustida uchish kabi g‘ayrioddiy tafsilotlarga to‘la ko‘rsatmalar berishgan.
Yevropaning aksariyat davlatlari singari Shotlandiyada ham jodugarlar yoqib o‘ldirilgan.

Vahima to‘lqinlarining so‘nishi

XVII asr oxirlariga kelib, asta-sekin diniy xilma-xillik qabul qilina boshladi. Yangi ilmiy g‘oyalar jodugarlik haqidagi qat’iy diniy e’tiqodlarni zaiflashtirdi. Sudlar endi qiynoq ostida olingan ko‘rsatmalarni dalil sifatida qabul qilmay qo‘ydi. Natijada, jodugar ovlari davlat uchun muhim masala bo‘lmay qoldi va 1662 yildan keyin Shotlandiyada hech qanday milliy miqyosdagi to‘lqin qayd etilmadi.

Shunga qaramay, mahalliy aholi orasida jodugarlardan qo‘rquv yarim asrcha davom etdi. Eng oxirgi rasmiy qatl 1727 yilda Dornoxda amalga oshirilgan. Nihoyat, 1736 yilda Britaniya parlamenti 1563 yilgi jodugarlik to‘g‘risidagi qonunni bekor qildi.

Shundan so‘ng, Shotlandiyada vahima to‘lqinlari qurbonlari xotirasiga bir nechta kichik yodgorliklar o‘rnatilgan, ammo hanuzgacha katta, rasmiy yodgorlik barpo etish haqida chaqiriqlar mavjud. Bu orqali 4 asr avval qiynab, azoblab, o‘ldirilgan minglab begunoh ayol va erkaklarga nisbatan sodir etilgan buyuk adolatsizlik rasman tan olinishi kerakligi aytiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Jodugar ovchilari Shotlandiya Qiroli Jeyms VI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar