Jokovich turnirlarni boykot qilishga tayyor bo‘lgan tennischilarni qo‘llab-quvvatladi
Sport
−
08 may 1131 2 daqiqa
Erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida eng ko‘p “Katta dubulg‘a” turnirlari g‘olibi bo‘lgan serbiyalik tennischi hamda Professional tennischilar uyushmasi (PTPA) asoschilaridan biri Novak Jokovich mukofot puli masalasida norozilik bildirayotgan va musobaqalarni boykot qilishni ko‘rib chiqayotgan tennischilarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda u “Punto de Break” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“O‘yinchilar meni doim qo‘llab-quvvatlashimni bilishadi. Yangi avlod yetishib chiqyapti va men Sobolenko kabi yetakchilarning mas’uliyatni o‘z zimmasiga olayotganidan mamnunman. Ular tennis tizimi qanday ishlashini, uning murakkab jihatlarini va nafaqat o‘zlari, balki barcha o‘yinchilar manfaatini tushunishga harakat qilmoqda. Men hozir bu jarayonlarni tashqaridan kuzatyapman. Uchrashuv va muhokamalarda ishtirok etmadim, ammo mening pozitsiyam aniq – men o‘yinchilarni qo‘llab-quvvatlayman va ularning sport tizimidagi mavqeini mustahkamlash uchun kurashaman”, deydi Jokovich.
Avvalroq, dunyoning yetakchi 20 nafar tennischisi, jumladan, ayollar o‘rtasida birinchi raqamli sportchi Arina Sobolenko ham “Roland Garros” mukofot jamg‘armasi oshirilmaganidan norozi bo‘lib, tashkilotchilarga murojaat xati imzolagan edi. Keyinchalik Sobolenko agar ayol tennischilar uchun mukofot puli ulushi oshirilmasa, boykotga tayyor ekanini bildirgan.
“Avval mening so‘zlarim ko‘pincha noto‘g‘ri talqin qilingan, go‘yoki men faqat o‘zim uchun ko‘proq pul so‘rayotgandek ko‘rsatilgan. Ammo gap past reytingdagi tennischilar haqida ketmoqda – ular mablag‘ yetishmasligi sabab sportni tark etishga majbur bo‘lmoqda. Biz professional tennisda quyi darajadagi o‘yinchilar uchun yetarli moliyaviy kafolatlar yo‘q bo‘lgan yagona global sport turimiz. So‘nggi yillarda bu holat o‘zgarganmi yoki yo‘qmi, aniq bilmayman”, deya qo‘shimcha qilgan Novak.
Ma’lumot uchun, Novak Jokovich 38 yoshda bo‘lib, erkaklar yakkalik bahslarida rekord hisoblangan 24 ta “Katta dubulg‘a” (“Rolan Garros” – 3 marta, “Uimbldon” – 7 marta, “USA Open” – 4 marta, “Avstralian Open” – 10 marta) sovrinini qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi