“Jonimga tegdi”. Starmer Tramp va Putinni keskin tanqid qildi
Olam
−
10 aprel 11846 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer AQSH va Rossiya yetakchilari – Donald Tramp va Vladimir Putinni tanqid ostiga oldi. Bu haqda u ITV News telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.
Britaniya Bosh vaziri Yaqin Sharqdagi urush keltirib chiqargan energetika inqirozi, shuningdek, Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin energiya resurslari narxining oshishi Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga sezilarli darajada ta’sir qilayotganini aytgan.
“Butun mamlakat bo‘ylab oilalar va korxonalar uchun elektr energiyasi to‘lovlarining Putin yoki Trampning dunyo bo‘ylab harakatlari tufayli goh ko‘tarilib, goh tushishi jonimga tegdi”, deydi Starmer.
Shu bilan birga, Britaniya Bosh vaziri Trampning joriy yilning 7 aprel kuni aytgan “butun bir sivilizatsiyaning halokati” haqidagi so‘zlariga izoh berishdan bosh tortgan. Kir Starmer bunday so‘zlarni ishlatmasligini ta’kidlab, har bir qilayotgan ishida Britaniya qadriyatlariga amal qilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social’da “bugun tunda butun bir sivilizatsiya o‘ladi” degan mazmunda post qoldirgan edi. Bundan oldin u AQSH Eronni bir kechada yo‘q qilishi mumkinligini aytgandi.
Keyinchalik AQSH va Eron ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgani ma’lum bo‘ldi. Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Erondan muzokaralar uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan 10 banddan iborat sulh taklif olgan.
Bugun, 10 aprel kuni Pokistonda tomonlar o‘rtasida muzokara boshlanishi belgilangan. Eron delegatsiyasi allaqachon Islomobodga yetib borgani aytilmoqda.
Live
Barchasi