Ziroat Mirziyoyeva “Eco-schools Uzbekistan” g‘oliblarini tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi 30 ta maktab “Eco-schools Uzbekistan” loyihasining eng yaxshi ishtirokchilari deb topildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ushbu ishtirokchilarni tabrikladi. Bu haqda loyihaning Telegram-kanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, bugun, 28 aprel kuni Xivada “Eco-schools Uzbekistan” loyihasining asosiy ramzi bo‘lgan Yashil bayroq tantanali ravishda ko‘tarilgan. Loyihaning milliy operatori – “Zamin” fondi tomonidan o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra, 30 ta maktab dasturning eng yaxshi ishtirokchisi deb topilgan va ekologik ta’lim sohasida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan.

Ziroat Mirziyoyeva bolalarni munosib mukofot bilan samimiy tabriklab, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikni tilagan.

“Barcha sinov va qiyinchiliklarga qaramay oldinga intilish faqatgina matonatli hamda o‘z ona yurtiga chin muhabbati bor insonlarning qo‘lidan keladi. Men faxr bilan aytamanki, bu xislatlar har biringizda mujassam! Sizlar tabiatning chinakam himoyachilarisiz va sa’y-harakatlaringiz bizni BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sari yaqinlashtirmoqda”, deydi Birinchi xonim.

Bayramda xalqaro toifadagi oshpaz va diyetolog-nutritsiolog ekomaktab o‘quvchilari uchun muvozanatli ovqatlanish asoslari va sog‘lom taomlanish odatlarini shakllantirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazgan. Mavzu davomida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan maktab o‘quvchilari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari hamda oshxona va bufet xodimlari uchun to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar taqdim etilgan. Ushbu qo‘llanmalar barcha umumta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan respublika treninglariga asos bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ziroat Mirziyoyeva Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, ekofaollar bilan birgalikda “Arda Xiva” turizm majmuasida 3 mingdan ortiq daraxt va boshqa o‘simliklar ekish tadbirida ishtirok etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ziroat Mirziyoeva Eco-schools Uzbekistan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing