Smailov qizamiq bo‘yicha Hukumat yig‘ilishini o‘tkazdi

Salomatlik

image

Qozog‘istonda qizamiq kasalligi kuchayib borayotgani munosabati bilan bugun, 28 noyabr kuni Hukumat yig‘ilishi o‘tkazildi va unda Bosh vazir Alixan Smailov zudlik bilan emlash jarayonlarini kuchaytirishni buyurdi. Bu haqda “Tengrinews” nashri yozmoqda. 

Qayd etilishicha, Bosh vazir Alixan Smailov qozog‘istonlik bolalar o‘rtasida qizamiq bilan kasallanish holatlari ortib borayotgani munosabati bilan bayonot berdi.

“Biz kasallanishning ko‘payishini to‘xtatishimiz kerak. Ma’lumki, qizamiq bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, chora-tadbirlarni nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi, balki fuqarolarning o‘zlari ham ko‘rishi kerak. Bular bizning bolalarimiz, biz ularga g‘amxo‘rlik qilishimiz, ularni sog‘lom saqlashimiz lozim. 

Bunday xavfli kasalliklarga qarshi kurashishning emlashdan boshqa usuli yo‘q. Shuning uchun emlash ishlarini kuchaytirish shart”, deydi Smailov.

Smailov Sog‘liqni saqlash vazirligi va hokimliklarga emlash zarurligi yuzasidan tushuntirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. 

“Barcha hokimlar emlash masalasini shaxsiy nazoratida ushlab, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borishi kerak”, deydi hukumat rahbari. 

Eslatib o‘tamiz, hukumat yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vaziri Ajar Giniyatning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda qizamiq bilan kasallangan 30 nafar bolaning ahvoli og‘ir, shundan 15 nafari bir yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda 17 mingdan ortiq qizamiq kasalligi qayd etilgan, ularning 82 foizdan ortig‘i bolalarda, jumladan, 83 foizi emlanmagan bolalarda uchraydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Alixan Smailov qizamiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing