Netanyaxuga Eron va AQSH ichki inqirozni hal qilish uchun kerak – ekspert 

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘z mamlakatidagi ichki siyosiy inqirozni bartaraf etish uchun Eron va AQSHni Falastin-Isroil mojarosiga tortmoqchi. Bu fikrni Shanxaydagi Sharqiy Xitoy pedagogika universiteti qoshidagi tadqiqotlar markazi eksperti Chjen Junyuy bildirdi.

“Isroil-Falastin mojarosining hozirgi tendensiyasi shundan iboratki, Netanyaxu Eronni unga tortishga umid qilmoqda, shundan keyin Qo‘shma Shtatlar ham unda ishtirok etishga majbur bo‘ladi. Bu mojaro ko‘lamini kengaytiradi va shu bilan Isroildagi ichki siyosiy muammolarni hal qiladi”, deb hisoblaydi ekspert.

Chjen Junyuyning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Fors ko‘rfazining bir qancha muhim davlatlari, xususan Saudiya Arabistoni, BAA va Qatarning pozitsiyasiga e’tibor qaratish lozim.

"Isroil-Falastin mojarosining kuchayishi yoki pasayishi bevosita ular hamkorlik yoki qo‘llab-quvvatlash uchun qaysi tomonni tanlashiga bog‘liq", deydi ekspert.

Junyuy bu davlatlar allaqachon mojaroda ishtirok etgani va manyovr qilish uchun yetarli joyga ega bo‘lmagan tomonlardan farqli o‘laroq, vaziyatga yangi o‘zgaruvchilar kiritishi mumkinligini ta’kidlaydi.

"Hozirda Falastin-Isroil tinchlik jarayoni barcha ishtirokchilar tomonidan qabul qilinadigan kuchli uchinchi vositachi kuch yo‘qligi sababli hali ham boshlanmadi", deydi ekspert.

Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi

1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.

Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.

Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.

Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.

19 aprel kuni ertalab Amerikaning ABC telekanali AQSH rasmiysiga tayanib, Isroil Eron hududidagi ob’ektga raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi. CNN amerikalik mulozimga tayanib, bu hujum Isroilning 14 apreldagi Eron hujumiga javobi bo‘lganini ta’kidladi.  

Eron matbuotida esa mamlakat shaharlariga hech bir davlat tomonidan hujum qilinmagani haqida xabar berildi. Eron Milliy kiberkosmik markazi vakili Husayn Daliryan X’dagi sahifasida Isfahon shahri osmonida urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlar respublika hududidan uchirilganini yozdi. Eron armiyasi qo‘mondoni general-leytenant Abdulrahim Musaviy Isfahon osmonida eshitilgan portlash havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining noma’lum ob’ektlarga qarshi ishlashi natijasida sodir bo‘lganini aytdi. “Reuters” agentligi Eronning yuqori martabali mulozimiga tayanib, Eron o‘z hududiga qilingan hujumga hozircha javob qaytarmoqchi emasligini yozgan bo‘lsa, CNN Isroil va Eron bir-biriga qarshi yangi o‘zaro zarbalar berish niyatida emasligini xabar qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing