Sergelidagi portlash bo‘yicha 4 kishi qamoqqa olindi

Jamiyat

Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng 4 kishi qamoqqa olindi. Bu haqda Hukumat komissiyasi xabar bermoqda.  

Ma’lum qilinishicha, yong‘in va portlashdan umumiy jabrlanganlar soni 163 nafarni tashkil etmoqda, ularning 150 nafari yengil va 13 nafari og‘ir tan jarohati olgan. Bir nafar voyaga yetmagan fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

“Jarohat olganlarning 24 nafari shifoxonaga yotqizilib, ularga tegishli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Qolgan 138 nafari ambulator davolanishga yuborilgan. Hozirda jarohatlangan barcha fuqarolarning salomatligi tiklanib, uyiga ruxsat berilgan”, deyiladi xabarda.

Aytilishicha, 400 ta ehtiyojmand oilaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi hamda ularning 100 nafar voyaga yetmagan farzandiga moddiy yordam ko‘rsatilgan.

“Favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan va umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda”, deyiladi Hukumat komissiyasi xabarida.

Favqulodda vaziyat oqibatida hududdagi 305-son umumta’lim maktabi (1250 o‘rinli) va 600-son bog‘chaning (720 o‘rinli) deraza-romlari, eshik va fasad qismiga zarar yetgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in boshlangan joy va portlash o‘chog‘i metall va “sendvich” panellardan qurilgan omborda yuz bergan. Yong‘in va portlash oqibatida omborning metall konstruksiyalari deformatsiyaga uchrab, qulab tushgan.

“Yong‘in sodir bo‘lgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlab kelingan”, deyiladi xabarda.

Hodisa joyidan olingan namunalar asosida o‘tkazilgan kimyoviy tadqiqotlar, omborda poliefirlar, ksilol, uglevodorodlar, natriy gidroksid, vodorod peroksidi, etilen glikol va yuqori molekulyar karbon kislota efirlari kabi kimyoviy moddalarning mavjudligini ko‘rsatgan.

“Bu moddalar omborxonada saqlanayotgan vodorod peroksidi, alkid smolasi, alkilbenzolsulfon kislotasi, latex, poliefir smolasi, kaustik soda moddalari va lak mahsulotlarining tarkibiy qismlari bo‘lib, yong‘in va portlash xavfi yuqori hisoblanadi”, deyiladi ma’lumotda.

Portlashga omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelishi sabab bo‘lgan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Joriy yilning 28 sentyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘lgan edi.

Avvalroq, Sergelida qancha boyliklar yonib ketgani haqida QALAMPIR.UZ maxsus reportaj tayyorlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Sergelidagi portlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made