Videoo‘yinlar odamni kar qilishi mumkin

Salomatlik

image

So‘nggi vaqtlarda odamlar orasida videoo‘yinlar ommalashib bormoqda. O‘yinchilar kompyuter qarshisida soatlab vaqtini o‘tkazmoqda. Shu sababli ham yoshlar orasida ko‘rish qobiliyatining pasayishi, umurtqa pog‘onasining qiyshayishi kabi kasalliklar tobora ko‘proq uchramoqda. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot esa videoo‘yinlar inson eshitish tizimiga ham katta ta’sir qilishini ko‘rsatdi. Bu haqda “BMJ Public Health” nashri habar berdi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va AQSHning Janubiy Karolina tibbiyot universiteti mutaxassislari videoo‘yinlar va eshitish qobiliyatini yo‘qotish bilan bog‘liq ilgari chop etilgan 14 ta ilmiy maqola ma’lumotlarini tahlil qilgan. Ushbu tadqiqotlarda jami 9 mamlakatdan 53 mingdan ortiq geymer ishtirok etgan. Natijalarga ko‘ra, mashhur video o‘yinlarda qayd etilgan tovush darajalari doimiy eshitish qobiliyatining yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.

Tahlil shuni ko‘rsatdiki, tovush darajasi ishlatiladigan qurilmalarga qarab o‘zgaradi. O‘yin seansi paytida mobil qurilmalarning ovoz darajasi 43,2 detsibel (dB) atrofida bo‘lsa, o‘yin davomida bu ko‘rsatkich hayratlanarli darajaga –  80-89 detsibelgacha yetadi. Bundan tashqari, ba’zida o‘yinlardagi qisqa tovushlar (masalan, otishmalar yoki portlashlar) 119 dB ko‘rsatkich cho‘qqisiga chiqishi mumkin.

Kattalar uchun xavfsiz ovoz balandligi chegarasi esa 80 detsibelni tashkil qiladi. Bu darajadagi shovqinni bir kishi haftasiga 40 soat davomida eshitishi mumkin. Ushbu darajadan so‘ng, har 3 detsibel uchun xavfsiz vaqt ikki baravar kamayadi – ya’ni 83 dB uchun haftada 20 soat, 98 detsibelni tinglash uchun esa haftada atigi 38 daqiqaga ruxsat beriladi. 

Biroq, bolalar uchun qabul qilinadigan tovush darajasi bundan ham past. Bu haftasiga 40 soat davomida 75 detsibeldan boshlanadi. Shuning uchun, bolaga 98 dB hajmli tovushni haftada atigi 12 daqiqa davomida qabul qilishga ruxsat beriladi.

Tadqiqotlardan biri videoo‘yinlarni tez-tez o‘ynaydigan bolalarda og‘ir tinnitus (atrof-muhit tinch bo‘lgan holatda quloqlarda yoki miyada chalinadigan turli shovqinlar)ning rivojlanish xavfi yuqori ekanini ko‘rsatgan. Yana bir yirik tadqiqotda esa o‘yin eshitish qobiliyatini yo‘qotishga olib kelishi isbotlangan.

Shuningdek, tadqiqot jamoasi natijalar jinsga ko‘ra farqlanishini  ham aniqladi. Bunga ko‘ra, o‘g‘il bolalarda eshitish muammolari ko‘proq. Chunki ular qizlarga qaraganda uzoqroq muddat davomida hamda balandroq chastotada o‘yin o‘ynaydi.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda dunyoda uch milliarddan ortiq geymer borligi hisoblangan.


Maqola muallifi

Teglar

komp'yuter Videoo'yinlar geymer eshitish tizimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing