Husanov va “Siti” Liga kubogi finaliga chiqdi
Sport
−
05 fevral 4616 1 daqiqa
Kecha, 4 fevral kuni Angliya Liga kubogi yarim final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda “Manchester Siti” o‘z maydonida “Nyukasl”ni 3:1 hisobida mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mazkur bahsda Abduqodir Husanov o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, maydonda to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Dastlab uchrashuvning 7-daqiqasida Omar Marmush hisobni ochdi. 29-daqiqaga kelib esa Marmushning o‘zi dubl qayd etib, jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Oradan uch daqiqa o‘tib, 32-daqiqada Tijani Reynders hisobni yiriklashtirdi – 3:0.
Ikkinchi bo‘limda Pep Gvardiola shogirdlari hisobdan kelib chiqib, bir oz xotirjam harakat qildi. 62-daqiqada Entoni Elanga mezbonlar darvozasini ishg‘ol qildi, ammo uchrashuv yakuniga qadar boshqa hisob o‘zgarmadi.
Shu tariqa, “shaharliklar” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra umumiy 5:1 hisobda “Nyukasl”ni taslim etib, Liga kubogi finaliga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahsda “Manchester Siti”ga Londonning “Arsenal” jamoasi raqiblik qiladi. Ayni paytda ushbu jamoalar APL turnir jadvalida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallab turibdi.
Live
Barchasi