Husanovning “Tottenxem”ga qarshi o‘yini qanday baholandi?

Sport

image

Kecha, 1 fevral kuni Angliya Premer-ligasining 24-turi doirasida “Tottenxem” o‘z maydonida “Manchester Siti” jamoasini qabul qildi. Qiziqarli kechgan bahs 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi.

Uchrashuvning 11-daqiqasida Xolandning uzatmasidan so‘ng Sherki hisobni ochdi. 44-daqiqada esa Semenoning goli evaziga mehmonlar hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

Ikkinchi bo‘limda “Tottenxem” faollikni oshirdi va 53 hamda 70-daqiqalarda Dominik Solanke tomonidan kiritilgan gollar hisobni tenglashtirdi. Yakunda tomonlar 2:2 hisobidagi durang natijaga rozi bo‘lishdi.

Uchrashuvda to‘liq 90 daqiqa maydonda bo‘lgan Abduqodir Husanovning o‘yini “Sofascore” nashri tomonidan 6,7 ball bilan baholandi. Himoyachi o‘yin davomida paslarning 97 foizini aniq amalga oshirdi.

Mazkur bahs Husanov uchun “Manchester Siti” safida ketma-ket 8-uchrashuv bo‘lib, ularning barchasida futbolchi asosiy tarkibda maydonga tushdi va birortasida ham zaxiraga olinmadi. Joriy mavsumda “shaharliklar” safida biror futbolchi bu natijani takrorlay olmagan. Bungacha eng yaxshi ko‘rsatkich Niko Gonsalesga tegishli bo‘lib, u ketma-ket 7 uchrashuvda to‘liq 90 daqiqa harakat qilgan edi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda “Manchester Siti” 47 ochko jamg‘argan holda Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida 2-o‘rinni egallab turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

Prem'er-liga “Manchester Siti” Abduqodir Husanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing