34 yil ichida ilk bor Isroil va Livan yetakchilari muzokara o‘tkazadi – Tramp
Olam
−
13:42 1144 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va Livan yetakchilari muzokaralar o‘tkazishini e’lon qildi. Bu haqda u kecha, 15 aprel kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Isroil va Livan o‘rtasida kichik tanaffus yaratishga harakat qilyapmiz. Ikki davlat yetakchilari muloqot qilganiga ancha vaqt bo‘ldi, taxminan 34 yil. Bu ertaga sodir bo‘ladi. Ajoyib!” deb yozdi Tramp.
O‘tgan hafta Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumatga Livan bilan imkon qadar tezroq to‘g‘rida to‘g‘ri muzokaralarni boshlash haqida ko‘rsatma berganini ma’lum qilgandi.
NBC News va CNN xabarlariga ko‘ra, bundan oldin Amerika yetakchisi telefon muloqotida Isroil Bosh vaziridan Eron bilan tuzilgan nozik sulhning buzilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Livanga berilayotgan zarbalarni kamaytirishni so‘ragan. “Axios” nashrining yozishicha, Isroil va Livan o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar kelasi hafta Vashingtonda boshlanadi.
Eron tomoni Livanga beriladigan zarbalarni to‘xtatish ikki haftalik sulh to‘g‘risidagi kelishuvning bir qismi ekanini da’vo qilgan edi. AQSH va Isroil esa buni inkor etdi. “Financial Times” ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil va Livanning “Hizbulloh” guruhi o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish tartibi “yaqin orada” e’lon qilinishi mumkin. Gazetaning livanlik manbalari bu hodisa “shu hafta” – katta ehtimol bilan Isroil armiyasi guruhning “muhim tayanch nuqtasi” bo‘lgan Bint-Jbayl shahrini nazoratga olganidan keyin sodir bo‘lishini inkor etmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livan va Isroil rasmiy vakillari Vashingtonda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish uchun uchrashgandi. Bu rasman urush holatida bo‘lgan ikki davlat o‘rtasida 1993 yildan beri o‘tkazilayotgan birinchi siyosiy muzokara hisoblanadi.
Live
Barchasi