9 yoshli qizning o‘limi bo‘yicha yopilgan ish qayta ochildi

Tahlil

Qashqadaryoda 9 yoshli qizaloq poliklinikada qilingan osma ukol oqibatida vafot etgani aytilmoqda. Marhumaning otasi shifokorda qattiq norozi. Sud-tibbiy ekspertiza xulosalari ham turli xil: birida qizning o‘lim sababi oshqazon bilan bog‘liq deyilgan bo‘lsa, ikkinchisada yurak parogi, uchinchisida esa jigar serozi qilib ko‘rsatilgan. Hatto ota qizining sog‘lomligini isbotlash uchun marhumaning qabrini ochishga ham roziligini bildirgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, 2025 yil 30 avgust kuni Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Qamashi qishlog‘ida joylashgan 8-sonli poliklinikada shifokorlar tomonidan 2016 yilda tug‘ilgan Bibioy Ziyodullayeva noto‘g‘ri ravishda antibiotik osma ukol qilinishi oqibatida vafot etgan. Bo‘lib o‘tgan voqealar haqida marhumaning otasi  Zohidjon Barotov tahririyatga murojat qildi. 

“Bir kun avval qizim banan yeb, uning ustidan suv ichgandi. Oz miqdorda ko‘ngli aynigan. Nima uchun ko‘ngli ayniganni bilish maqsadida poliklinikaga olib borganmiz.  Usha yerda Eshonqulova Halovat opa degan shifokor men tekshiriman deb “proba”, hech narsa  qilmay, osma ukollarni ulab tashlagan. Qizim borgan payt sog‘-salomat borgandi, ammo tibbiy muolajalar oqibatida qizimning  ahvoli og‘irlashib, organizmda kuchli allergik reaksiya yuzaga kelgan. Xullas tuppa-tuzuk borgan qizim xushsiz holatga tushib qoldi.”

Kasbi tumani IIB ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil avgust kuni “Qamashi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi voyaga yetmagan Ziyodullayeva Bibioy Zohidjon qizining tuman tibbiyot birlashmasining “Jonlantirish” bo‘limida vafot etganligi haqidagi xabari kelib tushgan.

QALAMPIR.UZ sudga oid tibbiyot ekspertizasi bilan tanishdi. Sud tibbiyot ekspertizasining 2025 yil 30 avgustdagi 12-sonli xulosasida marhuma qizaloq tiriklik davrida O‘RVI, “ikki tomonlama bronxopnevmoniya, sepsis, septisemiya shaklida, seroz-leykotsitli meningoyensefalit, oraliq miokardit, gepatit, pankreatit” xilidagi patologiyalar bilan og‘rib kelgani qayd etilgan. Uning o‘limi shu kasalliklarning asoratlanib kechishi jarayonida rivojlangan o‘tkir yurak qon-tomirlar hamda poliorganlari yetishmovchiligidan ro‘y bergani qayd etilgan. Biroq marhumaning otasi ekspertiza xulosasida sanab o‘tilgan jiddiy kasalliklar qizaloqda hech qachon kuzatilmaganini ta’kidlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur xulosalar voqeani yashirish maqsadida tuzilgan bo‘lishi mumkin. 

“Ushbu fojiadan so‘ng Ichki ishlar organlari va prokuraturaga bir necha bor murojaat qildim. Ammo, afsuski, holat xolisona o‘rganilmadi, aybdor shifokorlar javobgarlikka tortilmadi”, deydi murojaatchi. 

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ`ga ma’lumot berishicha, mazkur holat yuzasidan Kasbi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasiga ko‘ra o‘tgan yili 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan. Aniqroq aytganda, bu moddaga muvofiq qizning o‘limida hech qanday tibbiy xato mavjud emas deb ko‘rsatilgan. Biroq,  joriy yilning 2 fevral kunida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qaror bekor qilingan va yana bu ish qaytadan boshlangan. 

Marhumaning otasi ayblov qo‘ygan ikkinchi tomon, ya’ni shifokor bilan bog‘landik. Uning ma’lum qilishicha, poliklinikaga qiz o‘z oyog‘i bilan emas, og‘ir ahvolda kelgan. Qizning onasi shifokorga qizaloqda ikki-uchkundan beri shamollash qusish simptomplari kuzatilayotganini aytgan. Shifokorning aytishicha, qizaloqqa birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ammo qizning ahvoli yaxshilanish o‘rniga og‘irlashgan. Shundan so‘ng qizaloqning ota-onasi shifokorning ruhsatisiz poliklinikadan qizini olib chiqib ketgan. Uyda ham qizning ahvoli yaxshilanavermagach tez yordam chaqirtirilgan. Bu vaziyatda shifokor ham yetib kelgan. Tez yordam qizni tuman shifoxonasiga olib ketgan. Ma’lum vaqtdan so‘ng qizaloqning ota shifokor bilan bog‘langandan keyin shifokor manzilga yetib kelgan. U poliklinikada qizaloqqa ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar haqida batafsil ma’lumot berganini aytdi. Shifokorning fikrini tasdiqlash uchun undan rasmiy hujjatlarni so‘raganimizda, u bularning hammasi tuman prokraturasiga berib yuborilganini bildirdi.  

Marhumaning otasi bilan o‘tkazilgan intervyudan so‘ng QALAMPIR.UZ tergov jarayonlari tafsilotlari bilan tanishish maqsadida yana bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

sud Qashqadaryo jinoyat ishi shifokorlar ekspertiza 9 yoshli qiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing