Afg‘oniston G‘azoga 42 ta yuk mashinasida yordam yubordi
Olam
−
16 aprel 2623 1 daqiqa
Afg‘oniston Misrning “Rafah” nazorat-o‘tkazish punkti orqali G‘azo sektoriga 530 tonna insonparvarlik yordami yetkazdi. Bu haqda “Tolibon” muvaqqat hukumatining tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, yordam bosh vazir idorasining ko‘rsatmasiga binoan tayyorlangan va Afg‘onistonning Misrdagi delegatsiyasi tomonidan sotib olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yuk tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va boshqa zarur buyumlar kiritilgan. Yordam 42 ta yuk mashinasida tashilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati taxminan 500 ming dollarni tashkil etadi. Ushbu yordam G‘azodagi qariyb 22 000 ta oilaga tarqatilishi kutilmoqda.
Shuningdek, bayonotda Afg‘oniston xalqaro hamjamiyatni G‘azoda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish borasida mazmunli va samarali qadamlar tashlashga chaqirgani aytilgan.
Hujjatda Afg‘onistonning Falastin masalasi bo‘yicha prinsipial pozitsiyasi yana bir bor ta’kidlanib, muammo tarixiy haqiqatlar va Falastin xalqining qonuniy huquqlari asosida hal etilishi lozimligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Qizil Yarim Oy jamiyati tomonidan G‘azo sektori uchun tayyorlangan “Yaxshilik kemasi” 3300 tonna zarur mahsulotlar bilan Misrning El-Arish portiga yetib borgandi.
Live
Barchasi