Afg‘onistonda suv toshqinlari qurbonlari 189 kishiga yetdi
Olam
−
13 aprel 1859 2 daqiqa
Afg‘onistonda joriy yil 26 martdan buyon davom etayotgan bir qator tabiiy ofatlar, jumladan, kuchli yomg‘irlar, suv toshqinlari, yer ko‘chkilari va binolarning qulashi oqibatida kamida 189 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakatning tabiiy ofatlarga qarshi kurashish boshqarmasi vakillari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, oxirgi ikki kun ichida tabiiy ofat qurbonlari kamida 22 kishini tashkil etgan, yana to‘qqiz kishi jarohatlangan. Idora matbuot kotibi o‘rinbosari Toj Muhammad Xematning so‘zlariga ko‘ra, eng ko‘p o‘lim holatlari uylarning qulashi va toshqin vaqtida cho‘kish bilan bog‘liq.’
Tabiiy ofatlar bir vaqtning o‘zida bir nechta viloyatlarni, jumladan, Qobul, Parvon, Panjsher, Paktiya, Paktika, G‘azni, Qandahor, Faroh, Bodg‘is, Balx, Saripul, Faryob, Badaxshon, Nangarhor, Lag‘mon va Kunarni qamrab olgan.
So‘nggi ikki kecha-kunduz ichida suv toshqinlari kamida 123,5 akr qishloq xo‘jaligi yerlarini vayron qilgan. 451 ta uyga shikast yetgan, ulardan 48 tasi butunlay vayron bo‘lgan, 104 tasi esa jiddiy zarar ko‘rgan.
BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi so‘nggi suv toshqinlari va kuchli yomg‘irlar oqibatida 73 mingdan ortiq kishi jabr ko‘rgan. Afg‘onistonning aksariyat hududlarida kuchli yog‘ingarchilik va toshqinlar hamon davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan suv toshqinlari 5 700 dan ortiq oilaga zarar yetkazgani haqida xabar berilgan edi.