“AQSH hududi deb tan olinadi”. Amerika Grenlandiya bo‘yicha Daniya bilan muzokara boshladi

Olam

image

AQSH vakillari Grenlandiya orolida harbiy bazalar ochish bo‘yicha Daniya bilan muzokaralarning yangi bosqichini boshladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSH Grenlandiyada yangi bazalar ochish bo‘yicha yuqori darajadagi muzokaralarni olib bormoqda.

“Muhokamalar jarayonidan xabardor bo‘lgan bir necha rasmiy shaxsning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezident Donald Trampning Grenlandiyani kuch bilan tortib olish tahdidi tufayli yuzaga kelgan diplomatik inqirozni hal qilish harakatlari doirasida ushbu hududning (Daniyaning yarim avtonom qismi) janubida uchta yangi baza ochishga intilmoqda”, deyiladi xabarda.

Oq uy ma’muriyat Grenlandiya va Daniya bilan yuqori darajada muzokaralar olib borayotganini tasdiqlagan, biroq tafsilotlarni ochiqlashdan bosh tortgan. Shu bilan birga, “muzokaralar to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotgani” qayd etilgan.

Daniya Tashqi ishlar vazirligi ham AQSH bilan muzokaralar olib borilayotganini tasdiqlagan. 

“Qo‘shma Shtatlar bilan doimiy diplomatik muloqot mavjud. Tashqi ishlar vazirligi hozircha tafsilotlarga to‘xtalmaydi”, deydi vazirlik vakili. 

Bundan tashqari, Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen AQSH bilan muzokaralarda “to‘g‘ri yo‘nalishda bir necha qadam tashlanganini” aytgan.

Muzokaralar jarayoni bilan tanish bo‘lgan manbaga ko‘ra, Amerika rasmiylari “uchta yangi harbiy baza rasman AQSHning suveren hududi deb tan olinishi” variantini taklif qilgan.

“Bazalar Grenlandiya janubida joylashadi va asosan Grenlandiya, Islandiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi Atlantika okeanining shimoliy qismida (GIUK-gap deb ataladigan hudud) Rossiya va Xitoyning ehtimoliy dengiz faoliyatini kuzatishga qaratiladi”, deyiladi xabarda.

Hozircha tomonlar rasman hech narsani kelishib olmagan va bazalarning yakuniy soni o‘zgarishi mumkin. Yangi bazalardan biri, ehtimol, Narsarsuakda – ilgari Amerika harbiy bazasi joylashgan va kichik aeroport mavjud bo‘lgan yerda tashkil etiladi.

Shuningdek, muzokaralar davomida Amerika rasmiylari Grenlandiya ustidan qandaydir tarzda nazorat o‘rnatish masalasini ko‘tarmagan. Bu masala avvalroq Daniya va u a’zo bo‘lgan NATO harbiy alyansi tomonidan ommaviy ravishda rad etilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH ma’muriyati NATO va Grenlandiya bilan hamkorlikda Qo‘shma Shtatlar uchun “hayratlanarli” bo‘lgan kelishuv ustida ishlayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Daniya Grenlandiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing