AQSH va Eron kelishuvi fonida neft narxi keskin pastladi
Olam
−
18:47 633 2 daqiqa
Neft narxlari AQSH va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuvi bo‘lishi mumkinligi haqidagi umidlar fonida keskin pasaydi. Bu haqda BBC xabar berdi.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio muzokarachilar qo‘lida “ancha mustahkam taklif” borligini aytgan va kelishuvga 25 may kuniyoq erishish mumkinligini bildirgan. Shuning ortidan Brent etalon nefti narxi bir kunda 5,5 foizga tushib, barreli qariyb 97,7 dollar atrofida savdo qilingan.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp ehtimoliy kelishuv tarkibida muhim dengiz yo‘li – Hormuz bo‘g‘ozi qayta ochilishi ham kutilayotganini aytgan edi. Bu yo‘lak orqali odatda dunyo nefti va suyultirilgan gazining qariyb beshdan bir qismi tashiladi.
Mart oyidan beri Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanuvchi kemalarga tahdidlar yangragani sababli jahon energetika bozorlarida kuchli tebranishlar kuzatilmoqda. Urush boshlanishidan oldin Brent narxi taxminan 70 dollar atrofida edi.
Tahlilchilarga ko‘ra, hatto ijobiy ssenariyda ham neft bozori tez tiklanmaydi. Neft oqimlarini normal holatga qaytarish, zarar ko‘rgan infratuzilmani tiklash va zaxiralarni to‘ldirish uchun bir necha oy, ehtimol yillar talab qilinishi mumkin.
Shu bilan birga, Yaponiyaning asosiy fond indeksi Nikkei 225 o‘sishni qayd etgan. Bozorlar Hormuz bo‘g‘ozi qayta ochilishi mumkinligiga ijobiy munosabat bildirmoqda, chunki Yaponiya va Janubiy Koreya Fors ko‘rfazi energetik resurslariga kuchli darajada bog‘liq hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron urushni yakunlash hamda Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashgan edi.
Live
Barchasi