AQSH Eronga 15 bandli tinchlik rejasini yubordi
Olam
−
10:03 3998 2 daqiqa
AQSH Eronga Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish bo‘yicha 15 banddan iborat tinchlik rejasini yubordi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, hujjat Pokiston orqali Eron rahbariyatiga yetkazilgan.
N12 telekanalining ma’lum qilishicha, reja doirasida Eron yadroviy qurol ishlab chiqishdan voz kechishi va boyitilgan uran zaxiralarini Xalqaro atom energiyasi agentligiga topshirishi kerak.
OAVning yozishicha, AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Prezident Donald Trampga Eron ushbu rejaning ayrim muhim bandlariga, jumladan yuqori darajada boyitilgan uranni topshirish masalasiga rozi bo‘lganini bildirgan. Biroq Tehronning rasmiy javobi hozircha e’lon qilinmagan. Shuningdek, bu rejaga Isroilning munosabati ham aniq emas – u AQSH bilan birga bir necha haftadan beri Eron hududiga zarbalar berib kelmoqda.
Qayd etish joiz, 23 mart kuni Tramp Eron bilan “samarali muzokaralar” o‘tkazilganini aytib, mamlakat energetika infratuzilmasiga zarbalarni 5 kunga to‘xtatishni buyurgan edi. Ammo Eron tomoni bunday muzokaralar bo‘lganini inkor qilmoqda.
Shu bilan birga, Eron Tashqi ishlar vazirligi BMT Xavfsizlik Kengashi va Xalqaro dengiz tashkilotiga murojaat qilib, “dushman bo‘lmagan” kemalarga Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishga ruxsat berilishini ma’lum qilgan. Buning uchun kemalar Eron bilan oldindan kelishib olishi va xavfsizlik qoidalariga amal qilishi kerak.
Hozirda urush sababli ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadigan, dunyo nefti va suyultirilgan gazining qariyb 20 foizini tashkil etuvchi tashuvlar deyarli to‘xtab qolgan.