Eron yadro qurolidan voz kechishga rozi bo‘ldi – Tramp
Olam
−
25 mart 5113 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy quroldan voz kechishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda u Oq uyda jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Men aytgandim – ularda yadroviy qurol bo‘lmaydi va bo‘lmaydi ham. Ular bunga rozi bo‘ldi – ularda hech qachon yadroviy qurol bo‘lmaydi”, degan Tramp.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, hozir AQSH Eron bilan muzokaralar olib bormoqda. U Eron kelishuv tuzishga qiziqayotganini ta’kidlab, mamlakatning harbiy infratuzilmasi jiddiy zarar ko‘rganini aytgan: flot, aviatsiya va aloqa tizimlari yo‘q qilinganini da’vo qilgan.
Shuningdek, muzokaralarda AQSH tomonidan Davlat kotibi Marko Rubio va vitse-prezident Jey Di Vens ishtirok etayotganini bildirgan. Biroq Eron tomonidan aynan kim qatnashayotganiga aniqlik kiritmagan. Uning aytishicha, AQSH “to‘g‘ri odamlar” bilan aloqada.
Eslatib o‘tamiz, 23 mart kuni Tramp Eron bilan “samarali muzokaralar”dan so‘ng mamlakat energetika ob’ektlariga zarbalarni 5 kunga to‘xtatganini e’lon qilgan edi. Biroq Tehron AQSH bilan hech qanday muzokaralar olib borilmayotganini da’vo qilmoqda.
Shu bilan birga, ayrim manbalar, jumladan OAVlar, Mujtabo Xomanaiy AQSH bilan muzokaralarga rozilik bildirganini yozmoqda. Bu rozilik go‘yoki Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi orqali yetkazilgan.
Umuman olganda, vaziyatda qarama-qarshi bayonotlar mavjud: AQSH muzokaralar bo‘layotganini aytmoqda, Eron esa buni inkor qilmoqda.
Live
Barchasi