AQSH ertaga Eron bilan muzokara o‘tkazadi – OAV
Olam
−
09:40 1715 2 daqiqa
AQSH delegatsiyasi va vositachilar ertaga, 26 mart kuni Eron bilan yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda maxfiy manbalarga tayanib, “Axios” nashri xabar berdi.
Agar uchrashuv tasdiqlansa, unda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ham ishtirok etishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, AQSH Eron tomoniga ehtimoliy kelishuv bo‘yicha 15 banddan iborat taklif taqdim etgan. Bu taklifga avval Jenevada o‘tkazilgan muzokaralarda ilgari surilgan ayrim talablar ham kiritilgan. Xususan, AQSH Eron yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechishi, BMT inspeksiyalarini kuchaytirishi, ballistik raketalar uchish masofasini cheklashi va mintaqadagi ittifoqchi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni kamaytirishini kutmoqda.
Isroil manbalariga ko‘ra, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu ehtimoliy kelishuv Isroil manfaatlariga to‘liq mos kelmasligidan xavotirda. Shu bilan birga, AQSH ma’muriyati Eron bilan aloqa kanallari hali ham ishonchsiz ekanini va Tehron ichida qaror qabul qilish jarayoni murakkab ekanini tan olmoqda.
Hozirda Vashington Eron tomonidan javob kutmoqda. Manbalarga ko‘ra, vositachilar batafsil muzokaralar o‘tkazish uchun vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan, biroq Oq uy bu taklifni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy quroldan voz kechishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, hozir AQSH Eron bilan muzokaralar olib bormoqda. U Eron kelishuv tuzishga qiziqayotganini ta’kidlab, mamlakatning harbiy infratuzilmasi jiddiy zarar ko‘rganini aytgan: flot, aviatsiya va aloqa tizimlari yo‘q qilinganini da’vo qilgan.