AQSH Yaqin Sharqdagi fuqarolarini zudlik bilan panohlanishga chaqirdi
Olam
−
08 aprel 8407 3 daqiqa
AQSH fuqarolarini Yaqin Sharq mamlakatlariga rejalashtirilgan safarlarni qoldirishga va ushbu mamlakatdagi fuqarolarini zudlik bilan xavfsiz joydan panoh topishga chaqirmoqda. Bu haqda kecha, 7 aprel kuni AQSH Davlat departamentining Konsullik ishlari byurosi ogohlantirish bilan chiqdi.
Xususan, Saudia Arabistoni, Misr va Bahrayndagi amerikaliklar alohida ogohlantirilgan.
“Prezident Tramp, Davlat kotibi Rubio va Davlat departamenti uchun Amerika fuqarolarining xavfsizligi va himoyasidan ko‘ra muhimroq ustuvor vazifa yo‘q. Saudiya Arabistoni bo‘yicha sayohat tavsiyasiga ko‘ra, biz AQSH fuqarolarini Saudiya Arabistoniga borish masalasini qayta ko‘rib chiqishga chaqiramiz. Davom etayotgan xavfsizlik holati va sayohatdagi vaqti-vaqti bilan yuzaga kelayotgan uzilishlar sababli, bu yilgi Haj ziyoratida ishtirok etish qarorini qayta ko‘rib chiqishni maslahat beramiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, joriy yil 18 apreldan boshlab Makka shahriga kirishga urinayotgan shaxslardan Haj ruxsatnomasi, Makkada berilgan yashash guvohnomasi (iqoma) yoki haqiqiy Makka ish ruxsatnomasini ko‘rsatish talab qilinishi qayd etilgan.
“Boshqa turdagi viza egalari 18 aprelga qadar Makkani tark etishlari lozim. Ushbu choralar iyun oyining boshi yoki o‘rtalariga qadar amalda bo‘ladi. AQSH elchixonasi va konsulliklari barcha kundalik konsullik xizmatlarini to‘xtatgan bo‘lib, Amerika fuqarolari uchun faqat cheklangan favqulodda xizmatlarni ko‘rsatmoqda”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Misrdagi amerikaliklarga ham shunga o‘xshash tavsiyalar berilgan.
“Qohiradagi AQSH elchixonasi AQSH fuqarolariga Erondagi harbiy amaliyotlar bilan bog‘liq mintaqaviy o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borishni tavsiya qiladi. AQSH fuqarolari ehtiyot choralarini ko‘rishlari va vaziyatdan xabardor bo‘lishlari lozim. Mintaqadagi yuqori taranglik tufayli xavfsizlik muhiti murakkabligicha qolmoqda va tez o‘zgarishi mumkin. Misr rasmiylari odatda samarali xavfsizlik himoyasini ta’minlaydi, biroq ekstremistlar va Eron bilan aloqador kuchlar mintaqada hujumlar rejalashtirish va amalga oshirishga qiziqish bildirgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, idora Eron va unga aloqador “terroristik guruhlar” Yaqin Sharqdagi universitetlarni nishonga olish niyatida bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, Bahrayndagi AQSH fuqarolaridan ham ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.
“Biz Yaqin Sharqdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz va xavfsizligingiz bo‘yicha qaror qabul qilishingiz uchun sizni xabardor qilib turamiz. AQSHning Manamadagi elchixonasi barcha AQSH hukumati xodimlariga panagohlardan chiqmaslikni (shelter in place) buyurdi. Bahrayndagi barcha amerikaliklarga keyingi ogohlantirishgacha xuddi shunday qilishni tavsiya etamiz. Imkon qadar xavfsiz binoda qoling va derazalardan uzoqroq turing. Oziq-ovqat, suv, dori-darmon va boshqa zaruriy ashyolar zaxirasiga ega bo‘ling. Qo‘shimcha ma’lumotlar yoki so‘nggi daqiqadagi o‘zgarishlar uchun elektron pochtangizni tekshirib turing. Manamadagi elchixona barcha kundalik konsullik xizmatlarini to‘xtatdi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 7 apreldan 8 aprelga o‘tar kechasi Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi kutilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun aynan 7 aprelgacha muhlat bergan edi, biroq uning talabi rad etildi. Buning ortidan Tramp Eronni nazarda tutib, bugun tunda butun bir sivilizatsiyani halokatga uchratish bilan tahdid qildi.
Live
Barchasi