AQSHda 47 ta, Eronda 1500 ga yaqin o‘lim jazosi ijro etildi
Bu qiziq
−
20 yanvar 6655 3 daqiqa
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi 2025 yilda dunyo bo‘ylab qatl etishlar soni keskin oshganini qayd etdi. Bu haqda tashkilot e’lon qilgan rasmiy statistika ma’lumotlarida keltirilgan.
Qayd etilishicha, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk global miqyosdagi o‘sishni asosan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun o‘lim jazolarining ko‘payishi bilan izohladi.
“Bu nafaqat xalqaro huquqqa zid, balki jinoyatchilikning oldini olish vositasi sifatida ham mutlaqo samarasizdir”, deydi Tyurk.
Statistikaga ko‘ra, Eron 2025 yilda kamida 1500 kishini qatl etgan bo‘lib, ularning kamida 47 foizi giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazolangan.
Saudiya Arabistonida ushbu davrda kamida 356 nafar shaxs qatl etilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda qayd etilgan avvalgi rekorddan ham oshib ketgan. Qatl etilganlarning 78 foizi giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun hukm qilingan.
Tyurkning aytishicha, Saudiya Arabistonida qatl etilganlarning kamida ikkitasi voyaga yetmagan paytida sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlangan. Bu holat, ayniqsa, bola huquqlari nuqtai nazaridan jiddiy xavotir uyg‘otadi.
Qo‘shma Shtatlarda 2025 yilda 47 ta o‘lim jazosi ijro etilgan bo‘lib, bu so‘nggi 16 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Mamlakatda 2024 yilda ilk bor joriy etilgan gaz bilan bo‘g‘ish usulining kengaytirilishi qiynoq va shafqatsiz munosabat ehtimoli borasida jiddiy tashvishlarga sabab bo‘lmoqda.
Afg‘onistonda xalqaro inson huquqlari standartlariga zid ravishda ommaviy qatl qilish amaliyoti davom etgan. Somali hududida kamida 24 kishi, Singapurda esa 17 kishi qatl etilgan.
Xitoy va Shimoliy Koreyada o‘lim jazosi qo‘llanilishi to‘liq maxfiy saqlanib kelinayotgani sababli aniq statistik ma’lumotlarni olish mushkul. Belarus esa milliy xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunchilik doirasida o‘lim jazosi qo‘llaniladigan jinoyatlar ro‘yxatini kengaytirdi. Isroilda esa faqat falastinliklarga nisbatan tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan majburiy o‘lim jazosini joriy etishga qaratilgan bir nechta qonunchilik tashabbuslari ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, hisobotda ayrim mamlakatlarda ijobiy o‘zgarishlar ham qayd etilgan. Vetnam o‘lim jazosi belgilangan jinoyatlar sonini qisqartirgan. Pokiston zo‘ravonliksiz ikki jinoyatni o‘lim jazosi qo‘llaniladigan jinoyatlar ro‘yxatidan chiqargan, biroq 29 ta shunday modda saqlanib qolgan.
Zimbabve 2024 yil 31 dekabrda zo‘ravonliksiz jinoyatlar uchun o‘lim jazosini bekor qildi. Keniya esa o‘lim jazosi bilan bog‘liq qonunlarni qayta ko‘rib chiqish jarayonini boshladi. Malayziyada jazolarni qayta ko‘rib chiqish natijasida qatl etilishi lozim bo‘lgan shaxslar soni ming nafardan ortiq kamaygan.
“O‘lim jazosi jinoyatchilikka qarshi kurashning samarali vositasi emas va begunoh insonlarning qatl etilishiga olib kelishi mumkin”, dedi Tyurk.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amalda o‘lim jazosi ko‘pincha qonun oldida tenglik tamoyillarini buzgan holda, o‘zboshimchalik va kamsitish asosida qo‘llaniladi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari o‘lim jazosini saqlab qolayotgan barcha davlatlarni darhol moratoriy joriy etishga, mavjud hukmlarni yengillashtirishga hamda o‘lim jazosini to‘liq bekor qilishga chaqirdi.
Live
Barchasi