Advokat “salomatligi og‘ir” deydi, Ombudsman esa inkor etadi: Mubashshir Ahmadning qamoqdagi ahvoli qanday?

Tahlil

Ayni kunlarda diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish koloniyasida salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga qaramay, og‘ir sharoitda saqlanayotgani haqidagi xavotirli xabarlar tarqalmoqda. Holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Tursunovning advokati Abdulloh Sodiq bilan bog‘landi. 

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Tursunovning bugungi kunda tayinlangan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida o‘tamoqda. 

Garchi, tergov va sud jarayonlarida ham bir necha marotaba Tursunovning sog‘lig‘i yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligining II turi bilan ancha yillardan buyon og‘rib kelishi, ushbu shaxsni qamoqda saqlab bo‘lmasligi yuzasidan iltimosnomalar kiritilgan bo‘lsa-da, ehtiyot chorasi va jazo tayinlash masalasida ushbu holatlar inobatga olinmagan.

2025 yilning 26 noyabr kuni advokatlar Tursunov bilan bevosita 5-sonli JIEKda uchrashgan vaqtida, mahkumning qon bosim ko‘rsatkichlari bir necha marotaba 180 dan oshgani, qandli diabet kasalligi oqibatida buyraklari yaxshi ishlamayotgani, oyoqlari shishib  ketgani va boshqa shu kabi hamroh kasalliklari sog‘lig‘i va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani ma’lum bo‘lgan. Qolaversa, ushbu fakt advokatlar tomonidan berilgan advokatlik so‘roviga javoban taqdim etilgan xatda ham o‘z tasdig‘ini topgan.

26 dekabr kuni advokatlar va Mubashshir Ahmad o‘rtasida o‘tkazilgan takroriy uchrashuvda u xatda ko‘rsatilgan muolajalarning birortasini olmagani, faqat tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani, lekin yotib davolanmagani, dori vositalari bilan ta’minlanmagani va oddiy dam olishga ham ruxsat yo‘qligini ma’lum qilgan.

Biroq advokatlar tomonidan ikki marotaba IIV JIEDga murojaat bilan borilganda, departament boshlig‘i o‘rinbosari va tibbiy xizmat boshlig‘i tomonidan mahkum bir necha marotaba tibbiy punktda davo muolajalari olgani, bugungi kunda ham davolanayotgani, sog‘lig‘i yaxshi holatda ekani, shu sababli ishga olib chiqilayotgani haqida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilgan. Qolaversa, jazoni o‘tash davomida Tursunov Qiziltepa tumanida joylashgan g‘isht zavodlarining birida majburiy tarzda ishlashga chiqarilayotgani aytildi. Advokatning qo‘shimcha qilishicha, himoyasida bo‘lgan shaxs sog‘lig‘ining shunday bir yomon holatida 16 soatlab tik oyoqda ishlashga va yurishga majburlanmoqda.

“Alisher Tursunovning sog‘lig‘i yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligi qiynayotgani, oyoqlari ishib ketib, buyragi yaxshi holatda emasligi, tanasida har-xil yaralar paydo bo‘layotganini ko‘ra-bila turib, uni og‘ir va sovuq ob-havoda mehnat qilishga jalb etishdan maqsad nima?” deydi Abdulloh Sodiq.

Yuqoridagi fakt, ya’ni 2025 yil 28 oktyabrda etap qilingan mahbusning 1 oy ichida 3 marotaba davolangani, qandli diabet, artroz, stenokardiya va boshqa shu kabi hamroh kasalliklar bilan og‘rishi ushbu shaxsni ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tay olmasligini anglatadi.

Shuningdek, Tursunov o‘zining so‘zlarida 2026 yilning 11 martida qonun bo‘yicha jazoning 3/1 qismini o‘tab bo‘lgani sababli manzil-koloniyaga o‘tkazilishi kerakligini, lekin unga har-xil tazyiqlar o‘tkazilib, arzimas narsa bilan qoidabuzarlik rasmiylashtirib, o‘tkazilishini kechiktirishga harakat bo‘lishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan.

Bundan tashqari, Mubashshir Ahmad muassasa xodimlari tomonidan unga nisbatan boshqa mahbuslar qatori bir xil munosabat bo‘lmayotganidan, bir misol: kimdir oddiy shamollasa 5-6 kunlab tibbiy punktda davolanib chiqishini, biroq uning shuncha kasalligi bo‘lsa-da, oyoqlari ishib ketgan hamda oyog‘idagi yaralar qorayib, gangrena kasalligiga qarab ketayotgan, bir so‘z bilan aytganda ahvoli kritik darajada bo‘lsa-da davolanishga ruxsat yo‘qligini, faqat ishga chiq deb majburlashlarini bildirgan.

Qolaversa, u oyoqlari va undagi yaralar og‘riyotgani haqidagi shikoyatlari e’tiborsiz qolayotgani, faqat og‘riq qoldiruvchi tomchi dorilar qilishayotgani va bu vaqtinchalik chora ekanini, keyin yana og‘riqlar davom etib, yurishga qiynalayotganini ma’lum qilgan.

“Shu holida, A.Tursunov ikkinchi qavatdagi krovatda uxlashga majbur. Oyog‘idagi yara har bir chiqish va tushishda unga azob bermoqda. Bir necha marotaba yiqilib tushishiga ham sabab bo‘lgan. Achinarlisi, himoyamdagi shaxsga advokatlarining kamroq uchrashuvga kelishi, iloji bo‘lsa umuman kelmasligi uqtirilib, bosimlar bo‘lmoqda”, deydi Abdulloh Sodiq.

Yuqoridagi Mubashshir Ahmadning sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy muammolar muhokamalar markaziga chiqqandan so‘ng, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy a’zosi mahkum Alisher Tursunov jazo o‘tayotgan kaloniyaga bordi.  Ammo kutilganidek mutassadilar tashrif buyurganida hammasi joyida qilib ko‘rsatiladi. Ya’ni Mubashshir Ahmadning sog‘ligi va saqlash sharoiti o‘rganilganida hech qandday muammoli masala yo‘qligi aytilgan. Hatto, buni qarangki, Ombudsman mahkumning o‘zi  bilan holi tarzda suhbat o‘tkazganda ham u muassasada tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyati yo‘qligi, Alisher Tursunov muntazam ravishda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib kelinayotgani, faqat avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklari tufayli sog‘lig‘ida biroz o‘zgarishlar borligi va tegishli tibbiy yordam olayotganligini aytgan.

Bundan tashqari, mahkum muassasada o‘z xohishiga ko‘ra mehnatga jalb etilgani, xususan, oshxona ishlari bilan shug‘ullanayotgani, qonunchilikda belgilangan me’yorlardan ortiqcha mehnat qilmayotgani hamda ish sharoitlari mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini aytib o‘tgan.

Alisher Tursunov oziq-ovqat ta’minoti va yashash sharoitlari yuzasidan ham shikoyat bildirmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘idan kelib chiqib, belgilangan normalar asosida oziq-ovqat bilan ta’minlanmoqda. Qisqa qilib aytganda, advokat tomonidan berilgan Mubashshir Ahmadning saqlanish sharoiti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq xavotirli xabarlar mutlaqo asosiz qilib ko‘rsatilgan. Ushbu holatni yana chuqurroq o‘rganish maqsadida QALAMPIR.UZ IIV bilan bog‘landi. Biroq vazirlik voizi Mubashshir Ahmad bilan bog‘liq masala shaxsga oidligi sababli ochiqlanmasligini aytdi.

Yuqoridagi holatga ko‘ra, aslida qonunchilikda nima deyilgan?

Jinoyat kodeksining 75-moddasi birinchi qismida “hukm chiqarilganidan keyin jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqa og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim”ligi belgilangan. Ushbu moddaga muvofiq tushadigan kasalliklar “Og‘ir kasallikka chalingan mahkumlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi Ichki iishlar vazirligi  va Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarorida keltirilgan.

Xususan, diniy ulamo Mubashshir Ahmadga aniq tashxis qo‘yilgan “Qandli diabet II tipi” – qo‘shma qarordagi “Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar” ro‘yxatida mavjud. 

Aslida bunday ozodlika chiqarish, O‘zbekiston huquqiy tizimiga begona emas. Masalan, 2024 yil 19 mart kuni Salim Abduvaliyev “o‘qotar qurollarni qonunga xilof muomalasi”da  aybdor deb topilgan va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Oradan 10 oydan ko‘proq vaqt o‘tib, 2025 yil 12 yanvar kuni Salim Abduvaliyev xastaligi tufayli Jinoyat kodeksining 75-moddasi tartibida jazodan ozod qilingan va ozodlikka chiqarilgan.

Bundan oldin ham Mubashshir Ahmad bilan bog‘liq sud jarayonlari baxsli masala bo‘lgan.

O‘tgan 2025 yil boshida Ichki ishlar vazirligi Mubashshir Ahmad (Alisher Ahmadovich Tursunov) Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bo‘yicha qidiruvga berilganini ma’lum qilgan edi. Ammo keyinchalik vazirlik voizi Shohrux G‘iyosov Mubashshir Ahmad yuqoridagi moddada nazarda tutilgan jinoyatda gumonlanmayotgani, axborot tarqatishda texnik xatolikka yo‘l qo‘yilganini ma’lum qilgan edi. 

Shundan so‘ng,  2025 yilning 8 may kuni Mubashshir Ahmad noqonuniy materiallar tayyorlash va saqlashda gumonlanib Istanbulning Bahcheshehir mavzeidagi uyidan olib ketilgan. Ma’lum qilinishicha, Alisher Tursunov hibsga olingan kunning o‘zida advokatlari ishtirokida dastlabki surishtiruv o‘tkazilgan. O‘sha kuni advokatlarga bildirilgan oxirgi ma’lumotga ko‘ra, surishtiruvdan so‘ng Alisher Tursunov Istanbuldagi Deportatsiya markaziga o‘tkazilishi, ertasiga esa u yerdan ozod qilinishi kerak bo‘lgan. Oradan 4 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Immigratsiya boshqarmasi Mubashshir Ahmadning qayerdaligi, sog‘lig‘i va sud jarayoni haqida advokatlariga ham, yaqinlariga ham hech qanday ma’lumot bermagan. Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, nazoratda ushlab turilgan shaxsning oilasiga bu haqida ma’lumot berilishi, uning o‘ziga ham yaqinlari bilan muloqot qilishga izn etilishi belgilab qo‘yilgan. Shundan so‘ng, uzoq yillardan buyon qandli diabet va yuqori qon bosimidan aziyat chekib kelayotgan Mubashshir Ahmadning oilasi va yaqinlari uning ahvolidan havotirga tushib, ijtimoiy tarmoqlarda norozilik postlari ko‘paydi.  Bu orada Mubashshir Ahmad Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Uni 9 may kuniyoq shoshilinch tarzda deportatsiya qilishmoqchi bo‘lishgan, lekin jamoatchilik aralashuvi tufayli Edirne shahriga jo‘natilgani iddao qilindi.

Turkiyalik advokat Ibrohim Ergin Mubashshir Ahmadning Edirnedagi Migratsiya idorasida razvedka nazorati ostida saqlangani va keyinchalik yana Istanbulga qaytarilganini ochiqladi. Bu orada advokat diniy ulamo noqonuniy tarzda yuridik tizimdan chetlab o‘tilgan holda O‘zbekistonga topshirilgan degan da’voni olg‘a surdi.

Ushbu voqealardan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Alisher Tursunovning Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini rasman tasdiqladi. Ma’lum qilishicha, fuqaro Alisher Ahmadovich Tursunov joriy yilning 8 may kuni Turkiyada huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.  

Mubashshir Ahmad O‘zbekistonga olib kelingandan so‘ng unga oid  sud ish surukali ravishda  bir necha marta keyinga qoldirilgan va jamoatchilik orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan. Vanihoyat so‘ngisi esa 8 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida ko‘rib chiqilgan. 

So‘nggi so‘zini bildirar ekan, Mubashshir Ahmad faoliyatini xolis tarzda olib borganini aytgan va o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, faqatgina diniy mazmundagi materiallarni vakolatli organlar ruxsatisiz va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning roziligisiz e’lon qilganini tan olgan, bu ham u O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgani uchun sodir bo‘lganini bildirgan. Sudlanuvchi voyaga yetmagan farzandlari borligi, oila boquvchisi ekani, sog‘lig‘idagi muammolar, qolaversa ilmiy izlanish olib borayotganini inobatga olgan holda suddan yengillik berishni so‘ragan. 

Bir soat davom etgan sud muhokamasidan so‘ng, Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Shu bilan birga, internet tarmog‘idagi Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri hamda YouTube videoxostingidagi Mubashshir Ahmad va “Azon Global” – Muqobil axborot-tahliliy kanali nomli sahifalar (kanallar) faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Advokat Turkiya O'zbekiston Ombudsman Inson huquqlari Oliy Majlis qamoq Mubashshir Ahmad Immigratsiya salomatligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing