Andijonda 30 sotix yer savdosi ortidan mahalla raisi va hokim yordamchisi ushlandi
3-sahifa
−
01 may 3081 1 daqiqa
Andijon viloyatining Andijon tumanidagi mahallalardan birining raisi va ushbu mahalladagi hokim yordamchisi 30 sotix yer maydonini noqonuniy sotmoqchi bo‘lganda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmat xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Andijon tumanidagi MFYlardan birining raisi va ushbu mahalladagi hokim yordamchisi o‘zaro til biriktirib, 1967 yilda tug‘ilgan fuqaroga chorvachilik maqsadida mazkur mahalla hududidan ajratib berilgan yer maydonining 2 sotixini hamda davlat zaxirasida bo‘lgan 28 sotix yerni Andijon shahrida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni reja qilgan.
Ular jami 30 sotix yer maydonining bir qismini noturar, qolgan qismini turar joy toifasiga o‘zgartirib berishni aytib, yer uchun 57 ming AQSH dollari va kadastr idoralaridagi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 3 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalla raisi va hokim yordamchisi oldindan yer maydoni uchun 28 ming AQSH dollari hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 3 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida kadastr bo‘limi boshlig‘i fuqarodan 3 000 AQSH dollari pora olgani uchun qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi