Angliya futbolchilari JCHda zaxira o‘rindig‘ida bo‘lmasligi mumkin

Sport

image

Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel agar havoning harorati juda yuqori bo‘lsa, Jahon chempionati paytida o‘z zaxira futbolchilarini kiyinish xonasida qoldirishi mumkinligini aytdi. Bu haqda “Thye Guardian” nashri xabar berdi.

“Bu hech kimga yoqmaydi, chunki men futbolchilarning u yerda bo‘lishini, energiyani his qilishini va zaxira o‘rindig‘idan maydonga olib chiqilishini xohlayman. Lekin men klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida buni qilgan futbolchilarni ko‘rdim. Agar bu o‘yinchilarga keyinchalik o‘yinda yordam bersa, biz buni ko‘rib chiqishimiz kerak”, dedi Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi.

Joriy yilning iyun oyida AQSHda o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida jazirama issiq jiddiy tashvish tug‘dirgan, tibbiyot mutaxassislari va futbolchilar kasaba uyushmalari issiqlik stressi, suvsizlanish va tiklanish vaqtlarining sekinlashishi haqida ogohlantirish bergan edi.

Tuxel bu sharoit yuqori darajadagi futbol uchun muammoli bo‘lishini tan olib, AQSH, Kanada va Meksika hamkorligida o‘tkaziladigan JCH-2026 o‘yinlarida futbolchilarning shiddatiga ta’sir ko‘rsatishini aytib o‘tdi.

“21°Cdagi kabi 45°Cda ham xuddi shunday futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Biz futbolchilarni imkon qadar moslashtirishimiz va tayyorlashimiz kerak”,  deydi Tomas Tuxel.

Ma’lumot uchun, Angliya terma jamoasi saralash bosqichidagi sakkizta o‘yinda g‘alaba qozonib, 22 gol urdi va birorta ham gol o‘tkazib yubormagan holda mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Turnirning guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimida Angliya birinchi savatchadan o‘rin egallaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati zaxira Tomas Tuxel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing